Jamoat xavfsizligini ta’minlashning yangi konsepsiyasi va strategiyasi tasdiqlandi

01.12.2021, 11:39

Jamoat xavfsizligini ta’minlashning yangi konsepsiyasi va strategiyasi tasdiqlandi

Tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik barchamiz uchun ulug‘ ne’matdir. Agar tinchlik va sog‘liq bo‘lmasa insonga hech narsa tatimaydi. Tinchligini yo‘qotgan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam bo‘la olmaydi. Tinch-osoyishta joyda esa rivojlanish bo‘ladi.

Bugungi globallashuv sharoitida dunyoning turli nuqtalarida sodir bo‘layotgan katta-kichik ko‘ngilsiz voqea-hodisalar, u yerlarda yashaydigan aholining boshiga tushayotgan tashvishlar bizni yanada ogohlikka chaqiradi va yurtimizdagi tinchlikni qadriga yetib yashashga undaydi.

Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Mana shu tinchlik-xotirjamlikni ta’minlab berish maqsadida, mamlakatimizda keyingi yillarda aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash hamda jamiyatimizda qonunga itoatkorlik va jamoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizm va tartiblari joriy etilib, davlat organlarining jamoatchilik tuzilmalari bilan o‘zaro maqsadli hamkorligi yo‘lga qo‘yildi.

O’z navbatida dunyoda kuchayib borayotgan turli xavf-xatar va ziddiyatlar, el-yurt tinchligi va osoyishtaligiga tahdidlar, pandemiya, tabiiy va texnogen ofatlar mas’ul davlat tuzilmalariga o‘z faoliyatini “Barcha sa’y-harakatlar inson qadri uchun” degan ustuvor g‘oya asosida yanada takomillashtirish vazifasini yuklamoqda.

Davlatimiz rahbarining “O’zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ushbu sohadagi davlat siyosatining istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Xususan unga ko‘ra, jamoat xavfsizligini ta’minlashdagi ilg‘or xorijiy va milliy tajribalar asosida ishlab chiqilgan hamda aholini har qanday tahdidlardan kafolatli himoya qilishga qaratilgan O’zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi, 2022-2025 yillarda O’zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi va ushbu strategiyani 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Konsepsiya, Strategiya va “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan mas’uliyat jamoat xavfsizligini ta’minlovchi davlat organlarining shaxsan birinchi rahbarlariga yuklatildi.

Shuningdek, farmonga binoan Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida Jamoat xavfsizligi departamenti tashkil etiladigan bo‘ldi. Departament jamoat joylarida aholining xavfsizligini ta’minlashda ichki ishlar organlari kuch va vositalarini samarali boshqarish choralarini ko‘rish, voyaga yetmaganlar va yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qismi bilan manzilli tarbiyaviy va profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish orqali ular orasida huquqbuzarliklarning oldini olish, yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi.

Umuman olganda farmonda jamoat xavfsizligini saqlashga qaratilgan yana bir qator tashkiliy-huquqiy normalar belgilangan. Maqsad xalqimizning ertangi kundan ko‘ngli to‘q, xotirjam, tinch-osoyishta, farovon hayot kechirishini ta’minlashdan iborat.

Akbar Muzaffarov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    514
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+