Nufuzli maktabga e’tibor shumi?

02.12.2021, 15:44

Nufuzli maktabga e’tibor shumi?

Bugun biz, deputatlardan xalqning ichiga kirib, muammolarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha mutasaddi idoralarga murojaat bilan chiqish va uni nazoratga olish talab etilmoqda.

Shu munosabat bilan men o‘zim saylangan Chust tumanidagi Varzik MFYda bo‘ldim. Bunda tanlov asosida bitta tibbiyot muassasasi, maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti, «Mehribonlik» va «Saxovat» uylari faoliyati bilan yaqindan tanishdim. Odamlar bilan suhbatlashdim. Ular bugun olib borilayotgan xalqchil siyosatni e’tirof etganlari holda qishloqdagi ayrim muammolarni ham yashirmasdan ochiq-oydin aytishdi. Xususan, shu qishloqdagi 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabidagi kamchiliklarga alohida e’tiborni qaratishdi. Men ularning e’tirozlaridan kelib chiqib ushbu ta’lim maskaniga borib, holat bilan tanishdim.   Hozirda  maktabda 82 nafar  pedagog xodim  faoliyat  olib bormoqda. Ulardan  2 nafari  “Xalq  ta’limi  a’lochisi” ko‘krak  nishoni  sohibasi. 7 nafari  oliy  toifali, 18 nafari  1-toifali  pedagoglar  706 nafar  o‘quvchilarga  ta’lim-tarbiya bermoqda. Ta’lim  tojik  va  o‘zbek  tillarida olib  boriladi. 

Bu o‘quv yilida 58 nafar qo‘uvchi bitirib, ulardan 23 nafari  oliy  ta’lim  muassasasi  talabasi  bo‘ldi. 11-sinf  o‘quvchisi Fotima Kenjabayeva  tojik  tili  va  adabiyoti fanidan  fan  olimpiadasining  respublika  bosqichida  faol  qatnashdi.

Maktabning 9 va 11 sinf o‘quvchilari Maxfuza va Binafsha To‘ychiboyeva    insholar tanlovining respublika bosqichida faxrli 1- va 2-o‘rinni qo‘lga  kiritishgan. Fan olimpiada natijalariga muvofiq maktab tumanda 3 ta ixtisoslashgan maktablardan keyin 4- o‘rinni egallagan. Maktab sobiq bitiruvchilari orasida fan nomzodlari, professor o‘qituvchilar bor. Jumladan tarjimon, yozuvchi, dramaturg va akademik Sotim Ulug‘zoda, Mutilla Najmiddinov, matematika  fanlari nomzodi, professor  Riqsiboy Ibragimov, G’.Yuldashev, O’zbekiston xalq artisti Matluba Dadaboyevalar ham shu maktabda ta’lim-tarbiya olishgan. Qishloq madaniyat markazida shu maktabning ilk qaldirg‘ochlaridan biri, tarjimon, yozuvchi, dramaturg va akademik  Sotim Ulug‘zodaning 110 yilligi nishonlandi. Unda Tojikiston Respublikasinig O’zbekistondagi muxtor elchisi Abdujabbor  Rahmonzoda, Tojikiston Respublikasi Sug‘d viloyati Asht tumani hokimi Mirdado  Zarif Muhammadiy, Respublika ta’lim markazi vakillari ishtirok etishdi.

Lekin respublikada o‘z o‘rniga, nufuziga ega bo‘lgan maqomga ega bo‘lgan, shunday iqtidorli o‘quvchilar o‘qiydigan, tajribali ustozlar ishlaydigan bu maktab o‘ta ayanchli holatga kelib qolgan. O’quvchilarning  bilim  olishi  va  o‘qituvchilarning zamonaviy  bilim  berishiga  umuman  sharoitlar  mavjud emas. Sababi o‘quv binolari 1960 yilda qurilgan  bo‘lib, hozirda juda ta’mirtalab  holatga  kelib  qolgan. Maktab garchi  2006 yilda  kapital ta’mirga tushgan bo‘lsada, “Binokor” qurilish tashkiloti tomonidan o‘ta sifatsiz holatda ta’mirlangan. O’quv binolarining tom qismi  va deraza  oynalari almashtirilmasdan qolib ketgan. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari  ta’lim oladigan 3-o‘quv binosidan zax chiqib ketganligi uchun devorlar  karton bilan qoplangan. Maktabni isitish tizimi mutlaqo talabga javob  bermaydi. Hozirgi kunda o‘quvchilar sovuq xonalarda o‘qishga majbur  bo‘lmoqda. Shuning uchun o‘quvchilar orasida shamollash kasalligi ko‘p, natijada davomat ham qoniqarsiz ahvolda. O’quv binolarini yorug‘lik bilan  ta’minlaydigan kabellar ham yaroqsiz holatda. Maktab oshxonasi, sport zali  ham ta’mirtalab, issiqlik manbaiga ulanmagan.

Men ushbu holat yuzasidan tegishli idoralarga murojaat qildim. O’ylaymanki, mutasaddi tashkilotlarning rahbarlari nufuzli ta’lim dargohidagi bu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan choralarni ko‘radilar.

Nuriddin SULTONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

 

  • Ko'rildi
    631
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+