Davlatimiz madhiyasini e’zozlash, yod olish va baralla kuylash har bir yurtdoshimizning burchidir

10.12.2021, 15:56

Davlatimiz madhiyasini e’zozlash, yod olish va baralla kuylash har bir yurtdoshimizning burchidir

1992 yil 10 dekabr «O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan kun.

O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganligiga ham 29 yil to‘ldi. Davlatimiz Madhiyasida zikr etilgan har bir so‘z, Vatanimizning boy tarixi va buyuk kelajagi haqidagi yorug‘ satrlar, xalqimizning asriy orzu umidlari, ezgu fazilatlarini  o‘zida mujassam etib, xalqimizning ovozi, faxri-iftixori  sifatida jahon bo‘ylab mag‘rur yangrayotgan muqaddas qo‘shiqdir.

O’zbekiston Respublikasi Madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib hizmat qilmoqda. Madhiyada mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ullar tarannum etilgan.

Milliy madhiyamizning muazzam sadolari Davlatimiz rahbarining turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chog‘ida, O’zbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning rahbarlarini kutib olish marosimlarida, yirik halqaro anjumanlar, sport musobaqalarida va sportchilarimizning xalqaro musobaqalarida eng baland shoxsupaga ko‘tarilgan paytida baralla yangramoqda.

Madhiya – qalbida o‘z Vataniga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bor har qanday kishida milliy g‘urur, o‘ziga xos faxr, eng muhimi yurtga mehr uyg‘otadi. Bu milliy timsolda xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagi, shuningdek, ziynati, orzu-o‘yi, maslak-maqsadi mujassam.

O’zbekiston davlat madhiyasi yangraganda, «Serquyosh» so‘zi jaranglashi bilan butun vujudimizda ajib entikish, dilimizda cheksiz iftixor tuyg‘usini his etamiz. Chunki unda yurtimiz tarovati, buyuk kelajak barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan xalqimizning orzu-intilishlari, O’zbekistonimizning jahon hamjamiyatida tobora yuksalib borayotgan obro‘-e’tibori, hech kimdan kam bo‘lmay, kelajakka qat’iy ishonch bilan intilayotgan yoshlarimizning azmu shijoati aks etgan.

Bu ulug‘vor qasidani tinglaganda, kuylaganda beixtiyor eng jo‘shqin, umidbaxsh tuyg‘ular junbushga keladi. Ko‘z oldimizda ezgu niyatlari o‘ziga esh xalqimiz, ona-Vatanimizning tarovati, boy tarixi, saodatli buguni va buyuk kelajagi namoyon bo‘ladi.

Yuksak vatanparvarlik tuyg‘usini mujassam etgan madhiyamiz bugun ta’lim maskanlarida yosh avlodning Vatanga muhabbat ruhida kamol topishiga xizmat qilmoqda. Endi harf taniy boshlagan jajji farzandlarimiz millatimizning bosh qo‘shig‘ini kuylay boshlaganida sevinchdan hayajonga tushamiz. Bunday lahzalarda xalq va Vatan ulug‘langan qo‘shiq insonlar qalbiga yuksak va beg‘ubor tuyg‘ularni jo etishga, bu yorug‘ olamni yanada munavvar ko‘rsatadigan ilohiy mo‘‘jiza ekanligiga yana bir bor amin bo‘lamiz. Yurtning eng ulug‘ qo‘shig‘ini e’zozlash, yod olish va baralla kuylash har bir yurtdoshimizning burchidir, deb bilaman.

Qalbimizda yangi kunga, istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik, kelajakka qat’iy ishonch tuyg‘usi jo‘sh urgan holda har tongni madhiyamiz sadolari bilan qarshi olaylik!

Bir so‘z bilan aytganda, istiqlolimizni, yurtimizning kuch-qudrati, xalqimizning aql-zakovati, ajdodlarimizning shon-shuhrati va avlodlarimizning yorug‘ kelajagini sharaflovchi bu tarona asrlar osha baralla yangrayversin!

Nafisaxon Elchiyeva,

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashidagi

O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    493
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+