“Uychi - obod zamin” fermer xo‘jaligi ishchi-xodimlari rag‘batlantirildi

10.12.2021, 15:59

“Uychi - obod zamin” fermer xo‘jaligi ishchi-xodimlari rag‘batlantirildi

O’zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni arafasida hududlarda turli xil tadbirlar tashkil etilmoqda. Mazkur tadbirlarda O’zLiDePning asosiy elektorati hisoblangan fermerlar, dehqon xo‘jaliklari vakillari va tomorqachilar ishtirok etmoqdalar.

Namangan viloyati Uychi tumani “Uychi - obod zamin” fermer xo‘jaligida ham ushbu sana munosabati bilan bayram tadbiri tashkil qilindi. Ushbu fermer xo‘jaligining asoschisi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Barno Mirzamova tashabbusi bilan tashkil qilingan tadbirda tumandagi fermerlar, ishchi-xodimlari jam bo‘lishdi.

Nozu-ne’matlar bilan to‘ldirilgan dasturxonda xo‘jalikning barcha a’zolariga tansiq taomlar tortildi. Sadosi dilni yayratadigan navolar bilan san’atkorlar xizmatda bo‘lishdi.

Tadbir jarayonida barcha jamoa a’zolariga 150 million so‘mlik maishiy texnikalar bayram sovg‘asi tariqasida tortiq etildi.

- Mana to‘rt yildirki mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni keng nishonlanib kelinmoqda. Albatta, yaqin besh yil ichida fermerlarimiz, dehqonlarimiz va tomorqachilarimizga keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratib berildi. Bugun fermerlarimiz mustaqil bo‘ldi, yaxshigina daromad topib, nafaqat o‘z oilasini balki, mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirishda ulkan hissasini qo‘shib kelmoqda. Ushbu soha vakillarini qancha ardoqlasak, yuksaklarga ko‘tarsak arziydi. Biz ham o‘z fermer xo‘jaliklarimizning ishchi-xodimlarini har yili kasb bayramlari bilan tabriklab, ular mehnatini qadrlab kelyapmiz, - deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Barno Mirzamova.     

Ta’kidlash joizki, “Uychi - obod zamin” fermer xo‘jaligi 2008 yilda tashkil topgan bo‘lib, 120 gektar ekin maydoni va 40 nafar  a’zolari bilan ish boshlagan bo‘lsa, endilikda 210 gektar maydon va 180 nafar ishchi a’zolariga ega. Hozirgi kunda xo‘jalik tarkibida bitta 20 sotixlik issiqxona, 40 bosh chorva, 30 ish o‘rinli tikuvchilik sexi, avtomashinalarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi servis faoliyat olib bormoqda. Bunda 100 nafardan ortiq yoshlar ish bilan band bo‘lmoqda.

  • Ko'rildi
    611
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+