Sirdaryoda tadbirkorlik sub’ektlari, fermer xo‘jaliklari va tomorqachilik faoliyati bilan tanishildi

10.12.2021, 16:07

Sirdaryoda tadbirkorlik sub’ektlari, fermer xo‘jaliklari va tomorqachilik faoliyati bilan tanishildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, O'zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Sirdaryo viloyatida bo‘lib, tadbirkorlik sub’ektlari, fermer xo‘jaliklari va tomorqachilik faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuv ham ayni qishloq xo‘jaligi xodimlari bayrami arafasida bo‘lgani elimiz dasturxonini to‘kin qilayotganlarning mehnatiga yana bir karra baho berishga asos bo‘ldi.

Aktam Xaitov partiya faollari bilan dastlab Sirdaryo  tumanidagi Ikrom To‘ychiyev xonadonida bo‘ldi. Bu xonadon sohiblari tomorqadan unumli foydalanish hadisini olganlardan. Issiqxonada ko‘chat va ko‘katlar barq urib turibdi. Ham harakat, ham barokat. Kelinlaru qizlar bo‘sh vaqtlarida tomorqaga qarash bilan band bo‘ladi. Ro‘zg‘or ham obod.

Ikrom aka ko‘p yillar fermer xo‘jaligida ishladi. Dala ishlaridan ortib tomorqaga qarolmagan paytlari bo‘lgan. Nima bo‘ldiyu bir kuni hangomadan gap chiqib, tovuq boqishni rejalashtirishga kirishdi. Dastlab 50-60 ta, so‘ng, ularning soni oshib boraverdi. Hovli-joy keng, bir yonda baliqchilik uchun hovuz qildirdi. Dastlab tashlangan chavoqlar urchigan baliqchalar ko‘zni quvontiradigan baliqlarga aylandi. Bu manzaralar bir zumda ko‘zdan o‘tishi mumkin, ammo uning zamiridagi mehnatning zalvori kunlar va oylarga tatiydi.

Partiya rahbari Ikrom akaning tomorqasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishar ekan, uning kabi tadbirkor, ishbilarmonlarning safini kengaytirish borasida fikrlarini bildirdi. Uchrashuvda hozir bo‘lgan bank xodimlari va qo‘ni-qo‘shnilar bilan tadbirkorlikni boshlash rejalari, dastlabki sarmoyalar xususida qiziqarli bahslar bo‘ldi.

Keyingi manzil Sirdaryo tumanidagi Xudoyor Shodmonovning "Somon yo‘li" ko‘ptarmoqli fermer xo‘jaligidagi faoliyati bo‘ldi. Baliq yetishtirish borasidagi fermerning tajribasi ko‘pchilikka ma’qul keldi.

-Uyimiz yonidagi 1500 metr chuqurlikdan chiqadigan artezan suvining oqavasi bekorga isrof bo‘layotganini mahalladoshlarim ham bot-bot aytib turishardi. Shu joydan baliqchilik xo‘jaligi ochsam-chi, degan fikrdan o‘zim ham ruhlanib ketdim, - deydi Xudoyor Shodmonov. - Baliqchilik xo‘jaliklari bilan tajriba almashdim. Endi o‘zim ham bu sohada ish boshlayotganlarga bemalol o‘rgatishim, yordam berishim mumkin.

“Samon yo‘li” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida yetishtirilayotgan parhezbop mahsulot-baliqning xaridori Sirdaryodan Toshkent shahrigacha yetib borgan. Mahsulotlarni sotish, chavoq yetishtirish-xo‘jalikning asosiy faoliyatidan biri. Bundan tashqari tomorqa, issiqxona, parrandalarga qarash uchun ham 5-6 ish kuchi band qilingan.

Aktam Xaitov Xudoyor Shodmonovning baliq xo‘jaligida bu sohaga qiziquvchilar bilan suhbat chog‘ida har bir ishning mashaqqati va albatta rohati bo‘lishi haqida fikrlarini bildirdi.

Mirzaobod tumanidagi Ravshanbek Bozorboyevning “Sirdaryo momiq quyonlari” chorvachilik fermasida Aktam Xaitov bilan uchrashuvga shu hududda istiqomat qilayotgan aholi, fermer xo‘aliklari rahbarlari, partiya faollari, deputatlar ishtirok etishdi.

-Bu joy avval xo‘jalikning chorvachilik fermasi edi, - deya gap boshladi Ravshan aka. - 1995 yili 400 ta mol bilan fermani sotib oldim. Sut va go‘sht yetishtirish faoliyati bilan shug‘ullandim. 2016 yili quyonchilikka “ishqim tushdi”yu, tichimni yo‘qotdim. Mundoq o‘ylab qarasam, quyonlarni boqishga katta joy ham, g‘aram-g‘aram pichan ham zarur emas ekan. 2016 yil Italiyadan 100 ta nasldor quyon olib keldik. Hozirgi kungacha 10 mingtagacha quyon yetishtirdik. Parhezbop quyon go‘shtlarimizni respublika bo‘ylab xaridorlari bor.

-Undan tashqari, mana 2 sotix joyga issiqxona qilganmiz, limon ko‘chati, sarimsoqpiyoz barq urib yashnab turibdi. Buniyam o‘rgataman, - dedi Ravshan Bozorboyev. - Quyonning go‘ngida chuvalchang ko‘paytirishni mo‘ljallab turibman. Andijondagi tadbirkor bilan gaplashdim. Chuvalchang tomorqa uchun koni foyda. Ayniqsa, issiqxonadagi unumdorlikni oshirishda juda asqotadi.

Oqoltin tumanidagi Doniyor Toshpo‘latov boshchiligidagi “Zarlochin” parrandachilik kopperativiga birinchi bor borgan kishida hayrat uyg‘otishi aniq. Tuyaqushlarning bemalol sizning yaqiningizga kelishi ham qiziqda.

Doniyor kopperativni 2018 yilda boshlagan edi. Hozirda uning tajribasi ham, daromadi ham oshgan. Inkubatorda tuyaqushlarni ko‘paytirishni ham yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek o‘rdak va g‘ozlar bu xo‘jalikning bir tarmog‘iga aylangan.

Doniyorning rejalari va kelgusi niyatlari bilan qiziqqan Aktam Xaitov suhbat chog‘ida hozir bo‘lgan bank va tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan tadbirkorning muammolarini hal etish choralarini ko‘rishdi.

Guliston tumanidagi “Agrohamkor tomorqa xizmati” rahbari Rustam Razzakov bilan suhbat ham juda samarali bo‘ldi. Aholini tadbirkorlikka o‘rgatish, tomorqa xizmatini sifatli amalga oshirish uchun bu maskanda hamma sohada ko‘mak yetarli. “Agrohamkor tomorqa xizmati” tashkil etilgandan buyon 1000 tadan 2000 tagacha tovuq tarqatildi. 20dan oshiq xonadonlarda asalari boqish yo‘lga qo‘yildi. Masalan, xonadon talabidan kelib chiqib 5 ta asalari uyasidan yiliga 90 kilogrammdan asal olinadi. Bu yiliga 6,3 mln. so‘m degani.

Ushbu hududda bo‘lib o‘tgan aholi bilan muloqotlarda tovuq boqish, asalari, issiqxona qurish kabi masalalarda murojaatlar bo‘ldi. Aktam Xaitov aholining ushbu talabini amalga oshirish uchun tuman Bandlik markazi rahbariga, banklar va mahalla raislariga topshiriq berdi. Bu kabi talabgorlar bilan shug‘ullanishni O'zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi va partiya deputatlariga ko‘rsatma berildi.

                                                 O'zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

 

  • Ko'rildi
    525
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+