O’zLiDeP vakili Osiyo va Okeaniya siyosiy partiyalarining xalqaro uchrashuvida ishtirok etdi

14.12.2021, 17:04

O’zLiDeP vakili Osiyo va Okeaniya siyosiy partiyalarining xalqaro uchrashuvida ishtirok etdi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi partiyalararo va xalq diplomatiyasidan foydalangan holda,  Yangi O’zbekistonni rivojlantirish Strategiyasini amaliyotga tadbiq etish sohasida davlatning tashqi siyosiy vazifalarni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Osiyo siyosiy partiyalari  xalqaro  konferensiyasi  doirasida horijdagi siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qilish bu borada muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Ushbu  tashkilot Osiyo va Okeaniya mamlakatlarining siyosiy partiyalarini birlashtirishga xizmat qiladi. O’zLiDeP so‘nggi yillarda  Osiyo  mamlakatlari  o‘rtasida  hamjihatlik va o‘zaro ishonchni  mustahkamlash, mintaqaviy hamkorlikni har tomonlama  rivojlantirish va  Osiyo mintaqasida barqaror tinchlik va umumiy farovonlik uchun  sharoitlar  yaratish maqsadida Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasi va  uning ishtirokchilari bilan o‘zaro manfaatli va teng huquqli hamkorlik qilib kelmoqda.    

Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasining iqlim o‘zgarishiga bag‘ishlangan “Net Zero konsepsiyasi maqsadlariga erishishda Osiyodagi siyosiy partiyalarning roli” mavzuidagi maxsus uchrashuvi ana shunday tadbirlardan biri bo‘ldi. Videoanjuman  formatida  o‘tkazilgan  tadbirda   O’zLiDeP vakillari ham ishtirok etishdi. Mazkur xalqaro tadbir  Ozarbayjon, Vetnam, Indoneziya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Malayziya, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Yaponiya kabi mamlakatlarning siyosiy partiyalari vakillarini to‘pladi.

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdullo Aslonov “Net Zero konsepsiyasi maqsadlariga erishishda  siyosiy partiyalarning  mintaqaviy va global hatti-harakatlarining samaradorligini oshirish” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi horijiy ishtirokchilarga iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalasiga  O’zbekistonning nuqtai nazari, jumladan partiya Dasturida  aks etgan  pozitsiyasi haqida ma’lumot berdi.

Xususan, Abdullo Aslonov O’zbekistonda ushbu muammoga qay darajada e’tibor berilayotganini Prezident Shavkat Mirziyeyovning BMT yuqori minbarlaridan turib, bir qator tashabbuslari bilan ko‘rsatayotganini alohida qayd etdi. BMT Bosh Asambleyasining 72, 75 va 76-sessiyalarida xalqaro miqyosdagi  ekologik muammolardan biri – Orol fojeasining  turli jihatlari, global iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit va bioxilma-xillikni himoya  qilish kabi bugungi kundagi o‘tkir muammolar haqida to‘xtalib o‘tildi.

O’zLiDeP ma’ruzachisi 2021 yilda BMT Bosh Asambleyasida Orolbo‘yi mintaqasini “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar” deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning bir ovozdan ma’qullanganini O’zbekiston tomonidan ko‘rilgan aniq chora-tadbirlardan biri sifatida ko‘rsatdi. BMT  tomonidan ushbu Rezolyutsiyaning qabul qilinishi davlatimiz rahbarining  BMT Bosh Asambleyasi minbaridan turib aytgan g‘oyalarini hayotga tadbiq etish bo‘yicha mamlakatimiz olib borayotgan izchil ishlarning mantiqiy natijasi bo‘ldi.

O’zLiDeP vakili  ushbu tadbirda shuningdek, o‘rta muddatli istiqbolda ekologik muammolarni hal etish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish borasidagi qarashlarini ham bildirdi.

O’zLiDeP O’zbekistonning atmosferada karbonat angidrid gazi  miqdorini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tartibga soladigan Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi Parij bitimi maqsadlariga erishishda munosib hissa qo‘shish tarafdori.

Masalan, O’zbekistonda hozirgi kunda qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2030 yilgacha mamlakatimiz iqtisodiyotning energiya samaradorligini  ikki barobar oshirish, qayta tiklanadigan  energiyaning iqtisodiyotdagi ulushini 25 foizgacha oshirish va ekologik  toza transportni rivojlantirish rejalashtirgan.

2025 yilda umumiy quvvati 2900 megavattga teng yangi quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. 2026 yilgacha Orol dengizining  qurigan tubida  qo‘shimcha 500  ming gektar  yashil maydonlar yaratiladi. Bunda dengiz tubining umumiy maydoni 2,5 million gektarga  yetkaziladi, bu  butun hududning 78 foizini tashkil etadi. Yaqin orada Orolbo‘yi mintaqasida bioxilma-xillikni  saqlash, iqlim o‘zgarishi va  yerlarning degradatsiya bo‘lishining oldini olishga qaratilgan 300 million AQSh dollariga teng boshqa loyihalar ham amalga oshiriladi. O’zbekistonning bu va boshqa chora-tadbirlari mamlakatimizning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha umumiy ishlarga munosib hissa qo‘shishiga xizmat qiladi, dedi o‘z so‘zi yakunida ma’ruzachi.

Tadbir yakunida Osiyo siyosiy partiyalari  xalqaro  konferensiyasining maxsus  bayonoti qabul qilindi. Hujjat Osiyo va Okeaniya siyosiy partiyalari yig‘ilishida ma’ruzasilar tomonidan bildirilgan tezislarni o‘z ichiga oladi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Osiyo siyosiy partiyalari  xalqaro  konferensiyasi  Bosh kotibi Cho Byon Chje yakuniy hujjatga kiritilgan  O’zLiDeP vakilining qator takliflarini o‘qib eshittirdi va bu tadbir ishtirokchilari tomonidan  to‘la ma’qullandi.

Ekologik jihat haqida gapirganda, mamlakatimiz Konstiutsiyasida tabiiy resurslardan oqilona foydalanish huquqi va ularning davlat tomonidan muhofaza qilinishi, fuqarolarning atrof muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlari lozimligi mustahkamlab qo‘yilganini alohida ta’kidlaymiz. Bu atrof-muhit qonunchiligini yanada rivojlantirishda boshlang‘ich omil bo‘lib xizmat qiladi.

O’zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    235
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+