Xizmatlar sohasi 20 foizga o‘sgan bo‘lsada, hali imkoniyatlardan to‘liq foydalanilayotgani yo‘q

16.12.2021, 12:12

Xizmatlar sohasi 20 foizga o‘sgan bo‘lsada, hali imkoniyatlardan to‘liq foydalanilayotgani yo‘q

Xizmat ko‘rsatish sohasining jadal rivojlanishi nafaqat aholi farovonligini ta’minlashga, balki mamlakat iqtisodiyotini yuksalishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lmagan birorta sohaning o‘zi yo‘q. Shuning o‘ziyoq bu soha taraqqiyotimiz uzviyligini ta’minlashning negizini tashkil etadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida kuni kecha xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur sohani muhim drayverga aylantirish va 2023 yilga qadar xizmatlar hajmini ikki barobarga oshirish belgilandi.

Videoselektorda ta’kidlandiki, joriy yilda 18 trillion so‘mlik 29 mingta loyiha amalga oshirilib, xizmatlar sohasi 20 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, 5 ta tuman va shaharda o‘sish sur’ati juda kam. Boshqacha aytganda, joylarda aholiga xizmat ko‘rsatish darajasi hamon pastligicha qolmoqda.

Yig‘ilishda xizmatlar sohasini keng rivojlantirish, foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish masalalari muhokama qilinar ekan, har bir hududga alohida yondashuv zarurligini aytilib, hududlarning geografik joylashuvi, iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, 3 ta yo‘nalish belgilandi.

Xususan, xizmatlar sohasini 158 ta tumanda rivojlantirish, sayyohlik maskanlari bor 45 ta hamda tog‘li hududdagi 40 ta tumanda turizm xizmatlari ko‘paytirish, Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida yuqori daromadli xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Bu borada turizm sohasi uchun maxsus soliq rejimi joriy etish, mehmon uylari uchun imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. E’tiborlisi, kelgusi yilda xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga 500 million dollar ajratilishi belgilandi.

Selektorda ko‘tarilgan xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish masalalari biz deputatlarni ham befarq qoldirmasligi lozim. Chunki bu soha mamlakat taraqqiyotida va xalqimiz farovonligini ta’minlashda ustuvor ahamiyat kasb etadi. Zotan, qaysi hududda xizmat ko‘rsatish jadal rivojlansa, o‘sha yurtda o‘zgarish, rivojlanish bo‘ladi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasi deputati

  • Ko'rildi
    221
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+