Fermerligimdan faxrlanib ketdim...

16.12.2021, 15:47

Fermerligimdan faxrlanib ketdim...

Yaxshi so‘z jon ozig‘i deyishadi. Qarang, shuncha yil fermer bo‘lib, dala kezib, traktor haydab, ne-ne qahratonu garmsellarda jonimizni jabborga berib ishladigu bir shirin so‘z eshitmabmiz-ey! Faqat “plan”, “paxta” “majburiyat” “razbor” kabi so‘zlarni eshitaverib, diydamiz qotib ketgan ekan. Prezidentimizning bizni qadoq qo‘lli, fidoyi va jonkuyar fermerlar deb atashining o‘ziyoq, dilimni yayratib yubordi. Barcha charchoqlarim tarqab ketdi.

Muborak tumanini bilasiz, qishi izg‘irin, yozi issiq, suv tanqis, uning ustiga garmsellar paxta yoki g‘allaning sillasini quritib yuboradi. Bunday og‘ir sharoitda ishlagan dehqonni bir og‘izgina shirin so‘z qalbini yayratib yuboradi.

Prezidentimiz bot-bot takrorlaganidek, endilikda fermer ko‘ptarmoqli bo‘lishi lozim. Hozirgi kunda menga chorva ham, bog‘ ham bor. Buyog‘ini so‘rasangiz 5 gektar tarvuz, 5 gektar qovun, 5 gektar piyoz, 5 gektar sabzi ekib, ichki bozor to‘kinligiga hissa qo‘shib kelayapman. 350 bosh qo‘y, 50 bosh qoramol, pilla uchun ozuqa – tut plantatsiyalari, biolabarotoriya ham mavjud.

Ayol boshingiz bilan sizga shuncha tashvish nimaga kerak, deyishadi, ba’zi kishilar. Ularga qarata: agar el yukiga yelka tuta olmasang, yurt taraqqiyotiga ozgina bo‘lsa-da, hissa qo‘sha olmasang, dunyoga kelding nimayu, kelmading nima deyman.

Nodira Berdiyeva,

Muborak tumanidagi “Husainov Normurod To‘ramurodovich”

fermer xo‘jaligi rahbari,

 O’zLiDeP “Ayollar qanoti” faoli.

  • Ko'rildi
    474
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+