O’zbekiston-Koreya munosabatlarining rivojida yangi sahifa ochildi

20.12.2021, 10:10

O’zbekiston-Koreya munosabatlarining rivojida yangi sahifa ochildi

Joriy yil 16-18 dekabr kunlari O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi O’zbekiston-Koreya munosabatlarining rivojida yangi sahifa ochdi, uning natijalari mamlakatlarimiz va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Biz deputatlik korpusi vakillari Prezidentimizning ushbu davlat tashrifini uning doirasida qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlarning ahamiyatiga ko‘ra, alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratuvchi tarixiy voqea deb bilamiz.

Koreya Respublikasi ham shunday baholaydi. Xususan, mamlakat Prezidenti Mun Chje In Koreya va O’zbekistonni alohida strategik sheriklik munosabatlari bilan bog‘langan hamkorlar ekanini ta’kidlab, “O’zbekiston bilan yelkama-elka turib, global iqlim o‘zgarishlariga qarshi turishga, “aqlli” shaharlar, smart-fermalar, AKT va elektrik avtomobillar ishlab chiqarish kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyor” ekanliklarini bildirdi.

O’zbekiston parlamenti vakillari global iqtisodiyotning bugungi tahdidlariga to‘liq javob berish maqsadida Toshkent va Seul o‘rtasidagi uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan amaliy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqishning vaqti keldi, deb hisoblaydilar. Bu Koreya Respublikasi O’zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri ekanligi bilan bog‘liq.

Ta’kidlash joizki, Koreyaning O’zbekistonga investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshgan. Joriy yilda 320 million dollar, ya’ni 2020 yilga nisbatan 20 foiz ko‘p o‘zlashtirildi. Bu mablag‘lar hisobiga kimyo, neft-kimyo, to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni qariyb ikki barobar ortgani e’tiborlidir. Pandemiya oqibatlariga qaramay, ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda.

Shu bilan birga, ularni yanada rivojlanishini rag‘batlantirish maqsadida Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni tuzishga tayyorgarlik jarayonini yakunlash muhim ahamiyatga ega. Bu bilan tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini oshirish va muvozanatga keltirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Bu mamlakatimizda birgalikda tashkil etilgan To‘qimachilik texnoparki va Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi markazi faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish va rivojlantirishga ham talluqlidir.

Biz mamlakatimizda turizm sohasi, Koreya kompaniyalarining mehmonxonalar va infratuzilma ob’ektlari qurilishi bilan bog‘liq loyihalardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shavkat Mirziyoyevning Koreyaga amalga oshirgan Davlat tashrifi doirasida o‘zaro hamkorlikning “yashil” taraqqiyot, raqamlashtirish va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslarini amalga oshirish nihoyatda muhim ahamiyatga ega, deb hisoblaymiz.

O’zbekiston-Koreya munosabatlarini rivojlantirish doirasida o‘z navbatida, samarali siyosiy muloqotni amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik, birinchi navbatda, parlamentlararo “do‘stlik guruhlari”ning o‘rni borligini alohida ta’kidlaymiz. Ular mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan to‘ldirib, qonun ijodkorligi masalalari bo‘yicha tajriba almashish, davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati, gender masalalari, ta’lim, mintaqaviy rivojlanish sohalariga elektron parlament mexanizmlari, islohotlarni joriy qilish imkonini beradi.

Koreys diasporasi O’zbekistonda istiqomat qilishining 85-yilligi hamda mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan tadbirlar o‘tkazish Do‘stlik guruhi faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishi bo‘lishi kerak. Bu borada parlament vakillari 2022 yilni “O’zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilish, Toshkentda Koreyslar tarixi muzeyi hamda Koreys madaniyat va san’at uyi qoshida kutubxona tashkil etish taklifini ma’qullaydilar.

Umuman olganda, O’zbekiston Prezidentining ushbu tashrifi O’zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama rivojlantirishga yangi kuchli sur’at bag‘ishlaganini alohida ta’kidlaymiz.

Aktam XAITOV,

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi 

Ijroiya qo‘mitasi  raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    517
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+