Jahon bankining mamlakatimizga ajratayotgan kreditlarining sarflanishida ochiqlik, shaffoflik ta’minlanishiga ko‘maklashamiz

21.12.2021, 15:59

Jahon bankining mamlakatimizga ajratayotgan kreditlarining sarflanishida ochiqlik, shaffoflik ta’minlanishiga ko‘maklashamiz

Nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari Yangi O’zbekistonga ishonchli va barqaror hamkor sifatida qaramoqda, davlatimiz, hukumatimiz sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, Jahon banki mamlakatimizga turli sohalarni rivojlantirish uchun muntazam sarmoyalar ajratmoqda.

Kuni kecha Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi Taraqqiyot siyosati operatsiyalari (TSO) doirasida O’zbekistonga 400 million AQSh dollar taqdim qilinishini ma’qulladi.  O’zbekistonga 30 yildan ortiq muddatga past foizli 250 million AQSh dollariga teng imtiyozli kredit, shuningdek, qaytarish muddati 12 yildan ortiq bo‘lgan 150 million AQSh dollari miqdoridagi kredit bozor foiz stavkasida taqdim etiladi.

Moliyalashtirishning maqsadi davlat tomonidan mamlakatning inklyuziv va raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini jadallashtirishga yordam beradigan muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirilishida yordam berishdir. Jumladan, pullar bug‘doy bozorini yanada liberallashtirish, davlat korxonalari boshqaruvini takomillashtirish, davlat xarajatlari va qarzlari ustidan hisobdorlik va nazoratni kuchaytirish, mehnat bozorida gender asosida kamsitishga qarshi kurashish, kam ta’minlangan shaxslarning nafaqa bilan ta’minlanganligini oshirish, shuningdek, ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy himoya va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish kabi islohotlar uchun xarjlanadi.

Ayon bo‘lyaptiki, mablag‘lar aholi farovonligini yanada oshirish imkonini beruvchi maqsad-rejalarga sarflanishi mo‘ljallanyapti.

Biroq ajratilayotgan mablag‘lar maqsadli, manzilli ishlatilishi, har bir dollar belgilangan aniq bir ish-yumush uchun  ishlatilishi juda muhim. Afsuski, ayrim mas’ullar zimmasidagi vazifalarga vijdonan yondashmasligi, omonatni talon-taroj qilishga moyilligiga guvoh bo‘lyapmiz. Ana shunday salbiy holatlarga aslo yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Shu ma’noda biz – deputatlar tilga olingan yo‘nalishlardagi loyihalarning muvaffaqiyatli, bekamu ko‘st ro‘yobga chiqarilishiga ko‘maklashamiz. Xususan, deputatlik nazorati bo‘yicha vakolatlarimizni to‘la ishga solishimiz maqsadga muvofiqdir. Birinchi navbatda tegishli ma’lumotlarning shaffofligi, ochiqligi ta’minlanishiga harakat qilamiz, bu yo‘nalishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz.      

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    414
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+