Prezidentimizning Olmaliqqa tashrifi: islohotlar samaralari barcha jabhalarda yaqqol namoyon

23.12.2021, 18:31

Prezidentimizning Olmaliqqa tashrifi: islohotlar samaralari barcha jabhalarda yaqqol namoyon

Hammamizga ma’lum:  O’zbekiston foydali qazilmalarga boy davlat. Bu resurslardan unumli va oqilona foydalanish iqtisodiy salohiyatimiz o‘sishi, demakki, xalqimiz farovonligi   yuksalishi uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Shu bois keyingi besh yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kon sanoatini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratdi.  Xususan, “drayver” tarmoqlardan biri sifatida e’tirof etilayotgan kon-metallurgiya va mis sanoatining taraqqiyoti jadal tus oldi. Sektorga yirik investitsiyalar jalb qilindi, geologiya-qidiruv ishlarini moliyalashtirish davlat tomonidan kengaytirildi.

Bu boradagi islohotlar kelgusida ham izchil davom etadi. Zero, bir necha oy avval prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev mazkur yo‘nalishdagi rejalarini ham e’lon qilgan: “... Kelgusi besh yilda sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat unumdorligi esa kamida 2 marta oshiriladi. Buni, avvalo, “drayver” sohalarda, “xomashyodan – tayyor mahsulotgacha” degan tamoyil asosida sanoat klasteri tizimini rivojlantirish orqali yo‘lga qo‘yamiz”. Darhaqiqat, o‘rta va uzoq muddatli istiqbol uchun rejalashtirilgan chora-tadbirlar kon-metallurgiya sektorini yangi, zamonaviy, yuqori texnologiyali bosqichga olib chiqish imkonini beradi.

Keyingi yillarda Toshkent viloyatidagi Olmaliq shahri ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan rivojlanib bormoqda. Yangi korxonalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari ishga tushmoqda. Bu ijobiy o‘zgarishlar Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyati samaradorligi ortishi sharofati bilan yuz bermoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha mazkur shahardagi yirik sanoat loyihalari, ijtimoiy soha faoliyati bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi.

Qayd etish zarurki, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotining 7 foizi, eksport hajmining 15 foizi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hissasiga to‘g‘ri keladi. Oxirgi yillarda ilmga va texnologiyaga katta mablag‘ yo‘naltirilgani natijasida yangi konlar topilib, ishlab chiqarish hajmi oshmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2017 yil 1 martdagi qaroriga muvofiq, kombinatda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish bo‘yicha 5 milliard 122 million dollarlik megaloyiha amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Olmaliqqa tashrifi chog‘ida, avvalo, mazkur kondagi ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Bu yerda ish boshlangan 2017 yilda yiliga 3 million kub metr kon ishlari bajarilar edi. 415 million dollarlik 570 dan ziyod zamonaviy texnikalar olib kelingach, samaradorlik o‘n karra oshdi. Endilikda ish hajmi yiliga 40 million kub metrni tashkil etmoqda.

 Prezident kombinatning 3-mis boyitish fabrikasi qurilish jarayoni bilan ham tanishdi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini 2030 yilgacha rivojlantirishga doir rejalar muhokama qilindi. Mis klasteri tashkil etish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan ham muloqot bo‘ldi.

– Kombinatni, albatta, zo‘r qilamiz. Lekin avvalo, odamlar rozi bo‘lishi kerak. Uyi yaxshi, suvi chuchuk, elektri o‘chmaydigan, ishi daromadli bo‘lishi lozim. Buning uchun mahallada qanday muammolar borligini, ularni hal qilib, odamlarga sharoit yaratish uchun nima kerakligini sizlar aytishingiz zarur. Shuning uchun ochiq muloqot qilsak, foydali bo‘ladi,, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbarining bu so‘zlari “xalq manfaati hamma narsadan ulug‘” degan ezgu g‘oya yurtimizda amalda ekanidan yana bir karra dalolat beradi.

Shavkat Mirziyoyev shaharning ayrim ijtimoiy muassasalaridagi sharoitlarni ham ko‘zdan kechirib, bu boradagi ishlarni takomillashtirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar, topshiriqlar berdi.

Pirovardida shuni aytishni istardikki, Prezidentimiz islohotlarning borishi, belgilangan vazifalarning bajarilishi bilan bevosita tanishish, odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilish, yurtdoshlarimizni  yangi, yuksak marralar sari undashni izchillik bilan davom ettirmoqda.  Davlatimiz rahbarining fidokorona sa’y-harakatlari “Inson qadri hamma narsadan ustun” degan ulug‘ g‘oya to‘la-to‘kis hayotga tatbiq qilinishiga qaratilgandir. Prezidentimizning xayrli tashabbuslari, sa’y-harakatlari, ayniqsa, biz – siyosiy partiya vakillari uchun g‘oyat ibratlidir. Dasturiy maqsadlarimizdan kelib chiqib, butun kuch va imkoniyatlarimizni odamlarni rozi qilishga, Yangi O’zbekiston poydevorini mustahkamlashga safarbar etishimiz kerak.  

Aktam XAITOV,

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi 

Ijroiya qo‘mitasi  raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    527
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+