Oilaviy tadbirkorlarga kredit ajratish mexanizmi soddalashmoqda

24.12.2021, 16:20

Oilaviy tadbirkorlarga kredit ajratish mexanizmi  soddalashmoqda

Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili davlat siyosati darajasiga ko‘tarila boshlagach, aholining turli qatlamlari daromadlarini oshirish, farovonligini yuksaltirish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 20 avgustda qabul qilingan  “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori esa oilaviy tadbirkorlarga kredit ajratish mexanizmini soddalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Unga muvofiq oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlariga – 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga, chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga, bog‘dorchilik,  uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga kredit berish tartibi belgilandi.

Bundan tashqari “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun – 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga kredit ajratish tizimi joriy etilgani quvonarlidir.

Shunisi ahamiyatliki,  kreditlar ustuvor ravishda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga o‘zini o‘zi daromadli mehnat bilan band qilish yoki ularning doimiy mehnat bilan bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalar asosida ajratiladi. Bunda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga kredit ajratilishi ularni ushbu ro‘yxatdan chiqarish uchun asos hisoblanmaydi va fuqarolar mazkur daftarlardan hokim yordamchisi, tuman davlat soliq inspeksiyasi va tegishli sektor rahbarlari tomonidan fuqaroning unga ajratilgan kredit hisobiga amalga oshirgan faoliyatidan doimiy  va barqaror daromad manbaini shakllantirganini o‘rganish orqali beriladigan tavsiya asosida chiqariladi.

Qarorning eng e’tiborli jihati shundaki, dasturlar doirasida ilgari ajratilgan kredit mablag‘lari bo‘yicha mavjud qarzdorligi to‘liq so‘ndirilmagan, shuningdek, avval ajratilgan kreditlardan maqsadsiz foydalangan qarz oluvchilarga ushbu dasturlar orqali yangi kredit ajratilishiga ruxsat etilmaydi. Albatta, bu masalalarni adolatli hal etishda ajratilayotgan imtiyozli kreditlardan maqsadli foydalanishni tashkil etishda biz deputatlar ham faol ishtirok etishimiz lozim.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    500
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Sanobar2022-02-04 21:54:29

Assalomu alaykum. Fikrim.shundan iblratki kredt foyizlari kata bu aholiga qiyinchik tugdiradi. Menga imtiyozliy kredet beilshingizni uy joy uchun sorardim.


Fikringizni qoldiring

+