O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi yangi binoda ish boshladi

27.12.2021, 12:13

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi yangi binoda ish boshladi

Tadbirkorlar va ishibilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Jizzax viloyat Kengashining yangi ma’muriy binosining tantanali ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Akmal Ahmedov boshchiligidagi “EURO ASIA MOTORS” MChJ quruvchilari tomonidan bunyod etilgan mazkur imorat zamonaviy dizayn, original me’moriy yechimi va boshqa jihatlari bilan shahar ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib qo‘shildi. Ikki qavatdan iborat bino avtonom isitish tizimiga ega. Har bir xona sovutgichlar va boshqa maishiy texnika bilan to‘liq ta’minlangan. Bino hovlisida avtomobil turar joyi, dam olish ayvonchasi joylashgan. Partiya faollari tomonidan bino hovlisiga 160 tup terak, 10 dona archa, 12 dona chinor, 4 tup hurmo, 4 tup gilos, 4 tup olma va boshqa jami 200dan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Hovlida yaratilayotgan bog‘ alohida sug‘orish tizimi bilan ta’minlangan.

Bayramona bezatilgan ma’muriy binoning rasmiy ochilish qismi bo‘lib o‘tdi. Unda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi mas’ul xodimi Akrom Alimov, partiya viloyat Kengashi raisi E.Xolmatov, Jizzax shahar hokimi K.Xolmurodov, Mehnat faxriysi, O’zbekiston Qahramoni Parda Ziyotov, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari, faxriylar, elektorat vakillari, partiya faollari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar barcha sohalarni, jumladan, siyosiy jabhani ham to‘liq qamrab olganini ta’kidlar ekanlar, Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 iyulda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatalari va Siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashuvida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tdilar.

Ma’lumki, partiyamiz tashkil etilganining ilk kunlaridanoq, tadbirkorlar va fermerlar manfaatini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash dasturi bilan siyosiy maydonga chiqqan O’zLiDeP bugungi kunda mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuchga aylandi, amaliy ishlar partiyasi sifatida nom chiqardi.

-Partiyamiz tashkil etilganiga 18 yildan oshdi, biroq shu kungacha O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi o‘z binosiga ega emas edi, - deydi Xalq deputlari viloyat Kengashi deputati Farhod Odilov. - Bugun mana yangi bino partiya faollari ixtiyoriga topshirildi. Yangi yil bayramiga maslakdoshlarimizga tuhfa qilingan ma’muriy binodagi shart-sharoitlarni ko‘rib, havasimiz keldi. Chunki, bu partiya viloyat Kengashi xodimlarining, deputatlarimizning, maslakdoshlarimizning islohotlar jarayoniga qo‘shayotgan munosib hissasiga ko‘rsatilgan e’tirofdir.

Darhaqiqat, partiyaning tarkibiy bo‘lagi bo‘lgan O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi so‘nggi yillarda ham sifat ham son jihatdan o‘sdi. Oxirgi besh yillikdagi ma’lumotlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, quyidagi holatga guvoh bo‘lishimiz mumkin. 2016 yilda boshlang‘ich partiya tashkiloti 582 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ular soni 862 taga yetdi. Partiya a’zolari soni 2016 yilda 17 122 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytda bu ko‘rsatkich 80 ming nafardaan oshdi. Bu esa partiyamiz safida bo‘lish istagidagi faol, fidoyi hamyurtlarimiz soni ortib borayotganini ko‘rsatadi. Ular orasida yoshlar ko‘pchilikni tashkil etayotgani esa ayniqsa quvonchli hol.

-Ayni paytda Xalq deputatlari viloyat Kengashida 27 nafar            (47,4 foiz), Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida 119 nafar   (35,1 foiz) O’zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari, elektorat vakillari hisoblanmish – tadbirkorlar va fermerlarimizning manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda hududlarda aholini qiynab kelayotgan ko‘plab muammolarni partiyaviy vositalar bilan bartaraf etishga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar, - deydi O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi apparat rahbari Sherzod Mamatqulov. “Deputat va tadbirkor” muloqot Forumi va “Deputat va yoshlar” muloqoti doirasidagi uchrashuvlarda tadbirkorlar va yoshlar tomonidan qilinayotgan har bir murojaat deputatlarning doimiy nazoratiga olinmoqda. Partiyaning yana ko‘plab istiqbolli loyihalari sabab, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xonadonlar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish, xususiy, oilaviy tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgach, deputatlarimiz, partiya faollari mahalliy hokimlik, sektor rahbarlari hamda o‘zini-o‘zi boshqarish organlari xodimlari, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda uyma-uy yurib, aholi muammolarini o‘rganish, ularni bartaraf etish yo‘llarini izlash, shuningdek, tomorqa xizmatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar.

Tadbir davomida quruvchilarga munosib hurmat-ehtirom ko‘rsatildi. Ular o‘z o‘rnida ma’muriy binoning ramziy kalitini O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisi Erkin Xolmatovga topshirishdi. So‘ngra mehmonlar yangi ma’muriy binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Partiya faollari ixtiyoriga topshirilgan mazkur bino partiya viloyat Kengashi tarkibidagi boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatining yanada samarali bo‘lishiga hissa qo‘shishi shubhasiz.

O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    253
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+