Uchinchi Renessans poydevorlari

28.12.2021, 16:55

Uchinchi Renessans poydevorlari

Mamlakatimizda davom etayotgan bugungi shiddatli jarayonlar, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgan islohotlar, insonlar ongi tafakkuridan o‘rin olib, ularning dunyoqarashini shakllantirayotgan demokratik tamoyillar haqida so‘z ketganda, o‘tayotgan kunlarni mazmun-mohiyatiga ko‘ra asrlarga tenglaymiz.

O’zbekiston Kasaba ushyumalari Federatsiyasi raisi, Senator, jamoat arbobi, siyosatshunos Qudratilla Rafiqov qalamiga mansub “Mening Prezidentim!” kitobi shu ma’noda olib ko‘rilganda o‘ta muhim, dolzarb manba sifatida o‘quvchilar qalbidan o‘rin olganligiga shubha yo‘q.

Ta’kidlanganidek, ushbu asardagi yondashuv siyosiy ma’no aks ettirsada, aslida muallif kitobda o‘z qahramonining nafaqat siyosiy portretini “chizish”ga harakat qiladi, balki ma’naviy dunyosini ochib berishga ko‘proq e’tibor qaratadi. Zotan, tarixdagi barcha buyuk ishlar xalqqa, insoniyatga muhabbat negizida yuzaga kelgan.

Darhaqiqat, tarixan qisqa vaqt ichida, ya’ni o‘tgan besh yillikda hayotimizdan mustahkam o‘rin olgan va ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy jabhalarni to‘liq qamrab olgan o‘zgarishlar, yangiliklar ko‘lami shu qadar kengki, ularning har biri o‘z tahlilchilarini kutib turibdi. Biroq, bugun xalqimizga, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ro‘y berayotgan o‘zgarishlar mohiyatini va ertangi ko‘zlagan marralarimizni, Yangi O’zbekiston, Uchinchi Renessans mazmun-mohiyatini, “...odamlarimiz turmushida, tafakkurida kuzatilayotgan yangilanishlar, shuningdek, jamiyatimiz hayotida yangidan-yangi voqelikka aylanayotgan keskin burilishlar tasviri...”ni yetkazishni istar ekanmiz, e’tiborimizni shubhasiz, ushbu yangilik va o‘zgarishlarning tashabbuskori, elimizning olovqalb farzandi, millat Sardori – Prezidentimizning Vatan va Millat istiqboli, shoni yo‘lida olib borayotgan faoliyati, ta’bir joiz bo‘lsa,    orzu-yu istaklariga qaratmog‘imiz, shaxsi, siyosiy irodasi va ruhiy olamini anglashga intilmog‘imiz foydadan xoli bo‘lmaydi.

Yoshlar ongi, tafakkuriga o‘z buzg‘unchi g‘oyalarini singdirishga urinayotgan kuchlar tazyiqi bir zum ham susaymayotgan bir paytda, Qudratilla Rafiqov qalamiga mansub “Mening Prezidentim!” kitobi va shu nomdagi ijodiy ishlar tanlovi Yangi O’zbekiston g‘oyasini, Uchinchi Renessans bunyodkorlari ongi shuurga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadigan voqelik bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.

Diqqatga sazovor yana bir holat. Aynan muallif bosh bo‘lgan va O’zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan tashkillashtirilgan ijodiy ishlar tanlovi ham “Mening Prezidentim!” deb nomlandi va har bir o‘quv dargohiga kirib borib, o‘qituvchi va o‘quvchilar tomonidan ishtiyoq bilan mutoalaa qilinayotgan asar bosh manbalardan biri bo‘ldi.

Mazkur tanlovdan ko‘zlangan maqsad – maktab o‘quvchilarida so‘ngi yillarda Yangi O’zbekistonda jamiyat hayotining barcha jabhalarida bab-barobar amalga oshirilayotgan islohotlarni teran idrok etish va ular to‘g‘risida mulohaza yuritish, ularning ertangi kuni va istiqboliga daxldorlik tuyg‘usini rivojlantirish, o‘g‘il-qizlarda ijodiy, tanqidiy va nostandart fikrlash, notiqlik, o‘z fikrini ijodkorona yetkazib bera olish ko‘nikmalarini shakllantirishdir.

Shuningdek, ushbu tanlov Prezidentimiz rahbarligida ulkan yangilanishlar mamlakatiga aylangan va butun dunyo e’tirof etayotgan Yangi O’zbekistondagi o‘zgarishlarni yoshlar, ya’ni farzandlarimiz qanday tushunayotgani, ularning nimalar haqida fikrlayotgani, ko‘zlayotgan marralari va bilim hamda salohiyatlarini namoyon qilish, yurtimizdagi tarixiy islohotlar, yoshlar tafakkuri va qalbida aks-sado berayotganini aniqlab olish imkonini berdi.

Aytish mumkinki, ushbu tanlovni yurtimizning barcha hududlarida istiqomat qilayotgan yoshlar xushnudlik bilan qarshi olishgani, ular o‘zlarini Vatan taqdiriga daxldor deb bilishayotganliklarini, Prezidentimiz mana shu yoshlar timsolida Uchinchi Renessans poydevorini qurishga qodir avlodni voyaga yetkazayotganini ko‘rsatdi. Joriy yilning noyabr-dekabr oylarida o‘tkazilgan tanlovning IV bosqichida yurtimizdagi ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan 600 mingdan ortiq o‘quvchilar ishtirok etishgani fikrimiz isboti. Ular orasida qoraqalpoq, rus, tojik, qirg‘iz, turkman tillarida insho yozgan o‘quvchilar borligi Yangi O’zbekiston g‘oyasi millatidan qat’iy nazar, yurtimizdagi har bir yosh ongi shuuriga kirib borganini ko‘rsatadi.

Tanlovning respublika bosqichi diorasida o‘quvchilarning O’zbekiston Respublikasi Parlamenti a’zolari va ziyolilar, siyosatshunoslar, olimlar, yozuvchilar, ilm-fan arboblari bilan uchrashuvlari tashkil etildi. O’quvchi yoshlar O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, akademik Akmal Saidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, yozuvchi, jurnalist Xurshid Do‘stmuxammad, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, Senator – Minxojiddin Xojimatov va boshqa taniqli insonlar bilan muloqotlari davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob oldilar.

Tanlov Nizomiga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-shartnoma asosida talabalikka qabul qilingan taqdirda ularning 2 yillik shartnoma to‘lovlari to‘lab beriladi. Agarda davlat granti asosida o‘qishga kirsa, o‘sha summa o‘zlariga mukofot sifatida taqdim etiladi.

Shuningdek, tanlovning Respublika bosqichida 3-o‘rinni egallagan o‘quvchilarning ustozlari 10 million so‘mdan, 2-o‘rin sohiblarining ustozlari 20 million so‘mdan, 1-o‘rin sohibining ustozi 30 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

G’olib o‘quvchilar tahsil olayotgan maktablarning rahbarlari ham tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirilib, ularga sovg‘a tariqasida noutbuklar taqdim etildi.

Shu o‘rinda beixtiyor, donishmandlardan birining, “Menga yoshlaringizni ko‘rsating, men sizga kelajagingizni aytib beraman”, degan gaplari yodga tushadi. Mushohada yuritib ko‘rilsa, mazkur so‘zlar zamirida anchagina zalvorli hayot haqiqatlari yotganini ko‘rish mumkin.

Aynan mustaqillik yillarida tavallud topgan, milliy istiqlol g‘oyalari ta’sirida o‘sgan yosh avlod vakillari bugun barcha jabhalarda islohotlarning yetakchi kuchiga aylanib ulgurdi. Bu bejiz emas, chunki, har qanday o‘zgarish, yangilik, avvalambor, odamlar dunyoqarashidan, ongu shuuridan boshlanishini hisobga olsak, mamlakatimizda yoshlar ta’lim tarbiyasiga berilayotgan e’tiborning asl sababi, mazmun-mohiyati ayon bo‘ladi.

Vatan va xalq ravnaqi, ilmu fan taraqqiyoti yo‘lida fidoyi, Prezidenti va xalqiga sodiq yoshlar voyaga yetayotgan yurtning esa kelajagi buyuk bo‘lishiga shubha yo‘q.

Erkin XOLMATOV,

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisi,

Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi

O`zLiDeP deputatlik guruhi rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    2204
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+