O’zbekiston MDH doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish tarafdori

30.12.2021, 15:41

O’zbekiston MDH doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish tarafdori

O’zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng juda ko‘p mamlakatlar bilan keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorliklar yo‘lga qo‘yildi va bu hamkorliklar samarasi o‘laroq mamlakatimizda yo‘l-transport, logistika, bojxona, eksport-import masalalarini hal etishda muhim qadamlar tashlandi.

Ayniqsa, keyingi paytda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo‘shni davlatlar va MDH doirasidagi davlat o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorliklar rivoj topib borayotgani har bir davlat uchun manfaatli bo‘lmoqda.

Shu jihatdan olganda, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 28 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvi ham albatta, O’zbekiston ravnaqi va taraqqiyoti uchun yangi bosqichlarni ochishiga shubha yo‘q.

Uchrashuvda 2021 yilning hamkorlik yakunlari sarhisob qilindi, kelgusi 2022 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar ham belgilab olindi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan har bir davlat rahbari fikrlari o‘rtaga tashlandi. Eng muhimi, pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish va epidemiologik xavfsizlikni ta’minlashda yaqin hamkorlikni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Sammit Iitirokchilarning e’tibori global iqlim kun tartibini hisobga olgan holda barqaror “yashil” taraqqiyotga qaratilgan milliy dastur va strategiyalarni amalga oshirish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratildi. Oziq-ovqat xavfsizligini mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining raqobatli ustunliklari va bir-birini to‘ldirib turishidan foydalangan holda ta’minlash masalalarini hal qilishga doir yangi yondashuvlar ishlab chiqish dolzarb ekani  aytildi.

Shuni alohida e’tirof etishni istar edimki,  keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O’zbekistonning MDH doirasidagi faoliyati yanada faollashtirdi. Mamlakatimiz 40 dan ziyod ko‘p tomonlama bitimni imzoladi va tashkilotning 23 ta organiga qo‘shildi. O’tgan yilda O’zbekiston ilk bor MDHga raislik qildi.  Sammitda Prezidentimiz ta’kidlaganidek, 2021 yilda O’zbekistonning Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi o‘ttiz foizdan ziyodga oshdi, qariyb mingta qo‘shma korxona tashkil etildi, bojxona sohasida o‘zaro kelishuvlar tufayli tovarlarni eksport qilish va import sohasi yanada yuksaldi.

Umuman olganda O’zbekiston MDH davlatlari o‘rtasidagi keng ko‘lamli aloqalarning rivojlanishi tarafdori. Binobarin, baribir uzoq-yaqin qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik, do‘stlik aloqalarining mustahkamlanishi yaxshi-da. Nafaqat iqtisodiy-ijtimoiy, balki ma’naviy-ma’rifiy sohalarda ham xalqlarimizning o‘zaro do‘stona aloqalari yurtimizning ravnaq topishida muhim ahamiyatga ega.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    1278
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+