Islohotlar mohiyatida Inson manfaatlari ustuvor

06.01.2022, 10:56

Islohotlar mohiyatida Inson manfaatlari ustuvor

Sir emaski, keyingi yillarda Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatida ham Inson manfaatlari ustuvorlik qilib, fuqarlarning hayotdan rozi bo‘lib yashashlari yo‘lida barcha shart-sharoitlar muhayyo etilayotir.

Asosiy qonunimizda ham Inson qadri uchun, degan g‘oya ilgari surilib, uni ulug‘lash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, uning erkin kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish o‘z aksini topgan. Eng avvalo, Konstitutsiya aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va tibbiy yordam olish, uy joyga ega bo‘lish, ijtimoiy ta’minot, madaniy hayotda ishtirok etish va malakali yuridik yordam olish kabi ustuvor huquqlarning amalga oshirilishi uchun kafolat beradi.

Aytish kerakki, qisqa davr ichida mamlakatimizda yangilanishlar nafasi kirib bormagan birorta soha va tarmoq, shahar va tuman, qishloq va mahalla qolmadi. Islohotlar natijasida davlat va jamiyat boshqaruvida ochiqlik va adolatga asoslangan, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan xalqparvar qarorlar qabul qilish tizimi shakllantirildi.

Eng muhimi, biz ko‘p yillar davomida amal qilib kelinayotgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili o‘zgartirildi. Mamlakatimizda avvalo inson, keyin esa, jamiyat va davlat manfaati barcha harakatlarimizning negiziga qo‘yildi. Hayotimizda “Davlat – insonlar uchun” degan xalqchil g‘oya izchillik bilan qaror topib bormoqda.

Islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimiz tomonidan 2022 yil mamlakatimizda "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" deb e’lon qilindi. Davlatimiz rahbarining O’zbekiston xalqiga yo‘llagan Yangi yil bayram tabrigidan o‘rin olgan “Inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahalla hal qiluvchi o‘rin tutadi. Mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, mamlakat obod bo‘ladi. Shu bois, bundan buyon har bir mahallada samarali ish olib borish faoliyatimizning bosh mezoniga aylanadi”, deya bildirib o‘tilgan fikrlar barcha yurtdoshlarimizni birdek quvontirdi.

Biz "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili"da ham o‘z oldimizga ulkan maqsad va vazifalar belgilab oldik. Yangi yilda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ulkan g‘oyalar, ezgu tashabbuslardan kuch olib, katta safarbarlik ruhida ishlaymiz.

Nafisaxon Elchiyeva,

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi kotibiyat mudiri,

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi deputati.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    1006
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+