“Yashil” iqtisodiyot – najotkor yo‘nalish

06.01.2022, 16:36

“Yashil” iqtisodiyot – najotkor yo‘nalish

Shu kunlarda mamlakatimizda “Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi” dasturi loyihasi jamoatchilik orasida keng muhokama qilinib, uni yanada takomillashtirish yuzasidan jo‘yali va tizimli takliflar ilgari surilmoqda.

Qiziq savol tug‘iladi: qachondan boshlab iqtisodiyot ranglarga ajratiladigan bo‘lib qoldi? Birdaniga javob berish mushkulligini sezdingiz-a!?

Endi esa xayolingizga “yashil” iqtisodiyot tushunchasi qo‘llanilayotgani uning ranglarga ajratilganini anglatmaydi”, degan fikr keldi, to‘g‘rimi? Mayli, hozir so‘z mazkur atamani kim va qachon ilk bor qo‘llagani haqida emas. Aksincha, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish naqadar zarurligi va uning kelajak uchun dolzarb ahamiyati xususida bo‘ladi.

Iqlim o‘zgarishlari va ekologik muammolar tobora kuchliroq namoyon bo‘layotgan hozirgi zamonda ona tabiatga ta’sirni imkon qadar kamaytirish birinchi darajali masala bo‘lib turibdi. Lekin atrof-muhitga zarar yetkazadi deb iqtisodiyotning ishlab chiqarish va sanoat, geologiya va transport yo‘nalish­larini ham to‘xtatib bo‘lmaydi.

Birgina misol: hozirgi hayotimizni samolyotlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ammo ular uchish va qo‘nish vaqtida atmosferaga juda katta zarar keltiradi. Xo‘sh, nima qilish kerak? Xalqona ibora bilan ayt­ganda, six ham, kabob ham kuymaydigan yo‘lini topishdan o‘zga najot yo‘q. Iqtisodiyot tarmoqlarini “yashil” texnologiyalar negiziga qurish esa hozir birdan-bir eng to‘g‘ri va qulay yo‘nalish bo‘lib turibdi.

Yaqin va olis istiqbolga qaratilgan strategiya ustida bosh qotirilar ekan, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish masalasiga ustuvorlik berilayotgani ham shundan. Modomiki, uzoqni ko‘zlab siyosat yurgizayotgan Prezidentimiz oxirgi chiqishlarining barchasida, xoh u mamlakatdagi tadbir bo‘lsin, xoh xalqaro miqyosdagi nufuzli uchrashuvlar bo‘lsin, har safar ekologik muammolar va ularning yechimlari xususida fikr bildirayotgani bejiz emas.

Masalan, 2021 yilning 16-18 dekabr kunlari Janubiy Koreyaga davlat tashrifi jarayonida ham yurtboshimiz o‘zaro strategik sheriklikning 3 ta muhim yo‘nalishini rivojlantirish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi. Birinchisi – raqamlashtirish, ikkinchisi – “yashil” iqtisodiyot, uchinchisi – kuchli ijtimoiy siyosat. Ko‘rib turganingizdek, biz tanlagan mavzu ham ana shu hamkorlikning asosiy nuqtasidan joy olgan.

Bugun dunyoning rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlari, ayniqsa, Germaniya va Singapurda “yashil” iqtisodiyot bo‘yicha izchil islohotlar o‘tkazilib, anchagina yutuqlarga erishilayotganiga hammamiz guvohmiz. Jamoatchilik muhokamasidan o‘tayotgan “Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi” dasturi loyihasi ham nihoyatda muhim hujjatligi bilan ajralib turadi. Bir so‘z bilan aytganda, unda xalqimizning kelajagi o‘z aksini topgan. Nurli ertamizni esa bizda jadal taraqqiy etayotgan qurilish va transport kabi sohalarga “yashil” texnologiyalarni joriy etmasdan tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham dastur loyihasida mazkur yo‘nalishlarga keng o‘rin berilgan.

Misol uchun, ushbu sohalarni quyidagi bosqichlarda yanada chuqurlashtirib, qonunchilik bazasi mus­tahkamlansa, ayni muddao bo‘lar edi:

  1. “Yashil qurilish” yo‘nalishida sohada ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish industriyasini rivoj­lantirish, investitsiya dasturlari asosida qurilayotgan ob’ektlarda, ayniqsa, maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, oliy va o‘rta-maxsus ta’lim muassasalari qurilishida “acbes”siz materiallardan, ularni obodonlashtirishda esa “chinor”siz kashtan, safora, eman va dub kabi daraxtlardan foydalanishni joriy etish muhim ahamiyatga ega.

Ekologik xavfsizlikka oid “eski standart”lardan voz kechish (bugun istalgan maktab yoki maktabgacha ta’lim muassasasida birorta chinorni kesib, o‘rniga ekologik toza daraxt ekmoqchi bo‘linsa, unga nisbatan bazaviy hisob­lash miqdorining 100 – 150 barobarigacha miqdorda ma’muriy jarima qo‘llash amaliyoti mavjud) xususida ham o‘ylab ko‘rish kerak.

  1. “Yashil transport” yo‘nalishida bugungi kunda nafaqat O’zbekistonda, balki mintaqada uglevodorod xom-­ashyosi zaxiralari chegaralanganligini, dizel yonilg‘ili transport vositalarining atrof-muhitga chiqarayotgan zararli gazlarining oldini olish maqsadida avtomobilsozlik sanoatida elektromobillarga ko‘proq e’tibor qaratish joiz. Elektromobillarga o‘tish bo‘yicha aniq strategik vazifalar belgilab olinishi bu jarayonni yanada tezlashtirishi tabiiy.

Xususan, bugun qonunchiligimizda 870380008 TN VED bojxona kodiga mansub elektromobillar boj to‘lovlari hamda yig‘imlardan ozod qilingan. Mazkur tartibga quyi­dagicha qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish samaradorlikni yanada oshirishi shubhasiz:

- 870380008 TN VED bojxona kodiga mansub elektromobillar avtopilot tizimiga ega bo‘lgan taqdirda ularni aksiz solig‘i, 15 foizli qo‘shilgan qiymat solig‘i va barcha yig‘imlardan ozod etish;

- avtopilot tizimiga ega bo‘lmagan 870380008 TN VED bojxona kodiga mansub elektromobillar hozirgi tartibda faqatgina 15 foizli qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashini saqlab qolish;

- 870380008 TN VED bojxona kodiga mansub elektromobillarni “utilizatsiya” yig‘imidan ozod qilish (sababi – bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi);

- yonilg‘i bilan yuradigan barcha avtomobillar uchun bojxona tizimidagi joriy qonunchilikni saqlab qolish.

Fikrimcha, bu takliflarni amalga oshirish orqali pirovardida qator ijobiy natijalarni kutish mumkin. Masalan:

- ishlab chiqarilgan davri 2020 yildan yuqori bo‘lgan sifatli, avtopilot tizimiga ega bo‘lgan elektromobillarni o‘rta-yuqori narx doirasi uchun qulay narxlarda import qilish imkoniyatini yaratish;

- avtopilot tizimiga ega bo‘lmagan elektromobillar uchun 15 foizli qo‘shilgan qiymat solig‘ini saqlab qolish va qolgan barcha soliq va yig‘imlardan ozod qilish, ichki bozorimizda ishlab chiqarilishi kutilayotgan arzon budjet segmentidagi avtomobillar savdosini sog‘lom raqobatdan kechmagan holda o‘sishini va import cheklovini rag‘batlantirish;

- 2030 yilgacha yonilg‘i bilan yuradigan avtomobillarning 80 foizidan voz kechish.

Respublikamizda yonilg‘i bilan yuruvchi avtomobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodlarimizni dunyo bozorida raqobatbardosh, eksportbop elektromobillar ishlab chiqarishga 100 foiz integratsiya qilish. Jumladan, “Jizzax akkumulyator zavodi” aksiyadorlik jamiyatini to‘liq elektromobillar uchun litiy ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish.

Muxtasar xulosa shuki, yuqoridagi takliflar “Inson qadri uchun” tamoyiliga mos keladi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiya­sining Saylovoldi platformasi bilan uyg‘unligini esa aytmasam ham barcha safdoshlarimiz – elektorat vakillari juda yaxshi bilishadi.

G’ayratjon TURG’UNOV,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya

qo‘mitasi bosh konsultanti

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    454
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Bildirilgan fikrlar

Anvarjon2022-01-06 19:09:21

Dolzarb mavzu, fikrlar to'g'ri


Fikringizni qoldiring

+