Taraqqiyot strategiyasi: salomatlik - bosh maqsad

07.01.2022, 11:18

Taraqqiyot strategiyasi: salomatlik - bosh maqsad

Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi haqida gap ketganda, aholi salomatligini muhofaza qilish, eng olis va chekka hududlar aholisiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish masalalari ham e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Chunki mamlakatda barcha sohalarda qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar zamirida inson salomatligi va sog‘lom turmush tarziga amal qilish masalalari yotadi. 

Prezidentimizning “Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasida ham bu masalalarga katta ahamiyat qaratilgan. Xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati muassasalarini dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash ishlarini yanada yaxshilashga, shuningdek, davlat budjetidan dori vositalari va tibbiy buyumlarga ajratilgan mablag‘larning 3 baravarga oshirilishini ta’minlash belgilangani muhim ahamiyatga ega. Bunda xonadonbay tibbiy profilaktikani kuchaytirishga imkoniyat paydo bo‘ladi.

Birlamchi tibbiy sanitariya xizmatining xodimlariga mehnatga haq to‘lash tizimini takomillashtirish orqali respublika hududlarining olis va chekka qishloqlari va kadrlar ta’minoti past bo‘lgan hududlarni aniqlab, u yerda ishlayotgan shifokorlarning oylik maoshlariga alohida qo‘shimcha ustama kiritish masalalari ham aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

Yana bir muhim masala – birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatida mavjud tibbiy jihozlarni xatlovdan o‘tkazish, aholiga davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan tibbiy texnika va tibbiy buyumlar ehtiyojini shakllantirish, xatlov natijalari va tibbiy texnika va buyumlarga ehtiyojdan kelib chiqib, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalariga tibbiy jihozlar uchun qo‘yiladigan minimal talablarni ishlab chiqish, shakllantirilgan ehtiyoj asosida tibbiy texnika va tibbiy buyumlar xaridini amalga oshirish bo‘yicha ham kiritilayotgan yangiliklar o‘zining ijobiy natijalarini berishi shubhasizdir.

Xonadonbay “maqsadli” skrining o‘tkazish choralarini ko‘rish masalalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu orqali onkologik, endokrinologik va terapevtik kasalliklarga chalingan bemorlarni erta bosqichlarda aniqlash, aniqlangan bemorlarni tegishligi bo‘yicha hududning o‘zida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish orqali bu borada katta muvaffaqiyatlarga erishi mumkin, deb hisoblayman.

Shuni alohida e’tirof etmoqchimanki, Prezidentimizning mazkur Farmonining xalq muhokamasiga qo‘yilgani va odamlar fikrlari, taklif va mulohazalari bilan boyitilayotgani bu adolatli jamiyat barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizga to‘la mos keladi. Zero, mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar mohiyatini inson qadri uchun ezgu g‘oyasi tashkil etayotganidan xalqimiz juda mamnun.

Mavluda Ibragimova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    616
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+