Yetti yo‘nalishda 100 maqsad qo‘yilgan. Uni amalga oshirish uchun tajriba va imkoniyatlarimiz yetadimi?

07.01.2022, 11:21

Yetti yo‘nalishda 100 maqsad qo‘yilgan. Uni amalga oshirish uchun tajriba va imkoniyatlarimiz yetadimi?

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasini ilgari surdi.

Unda “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyildan kelib chiqib, strategiyaning asosiy yettita yo‘nalishi belgilab berildi.

Shu asosda Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasi ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

7 ta ustuvor yo‘nalishdagi masalalarni qamrab olgan taraqqiyot strategiyasi, unda ilgari surilgan taklif-tashabbuslarning ahamiyati va mohiyati haqida uzoq fikr yuritish mumkin. Endi bu boradagi vazifamizga keladigan bo‘lsak, Prezident nutqidagi g‘oya va vazifalarning mazmun-mohiyatini xalqimizga, keng jamoatchilikka yetkazishimiz, uni ro‘yobga chiqarishda har birimiz mas’ul ekanimizni tushuntirib berishimiz zarur.

Asosiysi, taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da mamlakatimizni rivojlantirishning 7 ta ustuvor yo‘nalishi doirasida qariyb 100 ta maqsadlarga erishish nazarda tutilmoqda.

Oddiy qilib aytganda, fuqarolarni o‘ylantirayotgan ijtimoiy masalalar qay darajada samara va natija berayotgani mahallalarda yaqqol, aniq ko‘rinadi. Qonunlar, qaror, dasturlar va boshqa muhim hujjatlar ijrosi, ya’ni ro‘yobi oilalar, xonadonlarda sezilishi kerak.

Bu qanday amalga oshiriladi?

Bu savolga, keling, bir misol keltirib o‘tay. O’tgan yili xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashida hududdagi 16 ta shahar va tumanlardan 5 yo 6 nafarining hisobotini eshitdik. Ya’ni, hokimlar hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida qilingan ishlar va galdagi rejalar bo‘yicha deputatlarga hisob berdi. Eshituvlar yakunida 2 nafar hokim hisoboti qaytarildi.

Xo‘sh, nega bunday bo‘ldi, dersiz? Negaki, keltirilgan raqamlardan, belgilangan dasturlar ijrosidan deputatlarimiz qoniqmadi, berilgan savollarga javoblar umumiy gaplar ekanligi sezilib qoldi. Keyin nima qildik? Hokimlar bilan birga hududdagi sektor rahbarlariga 3 oygacha muddat berdik.

Aytmoqchi bo‘lganim, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan taraqqiyot strategiyasida inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish birinchi yo‘nalish sifatida bejiz belgilanmagan. Qaysiki, deputatlar faol bo‘lsa, boshqa jamoat tuzilmalari ularga qarab andaza oladi. Jamiyat hayotida o‘z o‘rniga ega bo‘lishga harakat qiladi. Natijada ijroda qaysidir masala e’tibordan chetda qolishi yoki paysalga solinishi, balki qiyin bo‘lishining oldi olinadi.

Darvoqe, shu o‘rinda mahalliy Kengashlarning hududlardagi muammolarni hal qilishdagi o‘rni va roli haqida yana bir misolga to‘xtalmoqchiman. Albatta, "daftar"dagilarga ko‘maklashish va boshqa bir qancha masalalarda huquqiy asoslar yaratib berilgan. Ammo ayrim vazifa yoki muammolar borki, ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal qilish Kengashlar vakolatiga kirmaydi. Oddiyroq aytganda, bu ishni qilish deputatlarni qo‘lidan kelmaydi.

Masalan, o‘tgan yili murojaatlar va mavjud sharoitdan kelib chiqib, hududdagi elektr ta’minoti masalasini o‘rganib chiqdik. Bunda bevosita viloyat elektr tarmoqlari korxonasiga bog‘liq bo‘lmagan muammolar, qaysiki, ularning o‘zini ham qo‘li kaltalik qilayotgan jihatlar borligi aniqlandi.

Bu borada, tabiiyki, tegishli vazirlik va idoralarga Kengash so‘rovi chiqarildi. Tizim moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha viloyat budjetidan amalga oshiriladigan vazifalar chora-tadbirlari belgilandi.

Demak, deputatlar tashabbuskor bo‘lsa, bildirilgan ishonchga munosib harakat qilsa, joylardagi har qanday muammoning yechimini topish va eng muhimi, uni hal qilish mumkin.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Prezidentimiz butun davlat va jamiyat boshqaruvi tizimi imkoniyatlarini inson qadri uchun, degan ezgu maqsadga katta kuch hamda ishtiyoq bilan safarbar etmoqda. Bu tamoyil nafaqat joylardagi ijtimoiy muammolarni tizimli hal etishga, eng asosiysi, huquqlar va imkoniyatlar tengligiga real sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Asosiy vazifa esa uni amalda ijrosini ta’minlashda qolmoqda.

Sherali Yo‘ldoshev,

O’zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi raisi,

xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri.

  • Ko'rildi
    2138
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+