Inson qadri ulug‘langan yurt

08.01.2022, 12:17

Inson qadri ulug‘langan yurt

Prezidentimiz tomonidan joriy yilga “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb nom berildi. Albatta, yilga bunday nom berilishi xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli bo‘lishi uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilishiga, inson qadrini ulug‘lash, mahallar obodligiga erishish, olis qishloqlarda ham shahar qiyofasini aks ettirish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishiga ishoradir, deb bilaman.

Inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir. Bu borada jamiyatimiz asosi bo‘lgan mahalla hal qiluvchi o‘rin tutadi. Mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi.

Tabrikda 2022 yilda iqtisodiyotimiz tarmoqlari va tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish e’tibor markazida bo‘lishi, aholi daromadlarini ko‘paytirish, ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirishga qaratilgan muhim ishlar izchil davom ettirilishi aytildiki, bu aholini ish bilan ta’minlash, kambag‘allikka barham berishning eng to‘g‘ri va oqilona yo‘lidir. Zero, yangi ish o‘rinlari yaratilsa, ming-minglab yoshlar, xotin-qizlar daromad manbaiga ega bo‘ladilar.

Prezidentimiz ish o‘rinlari yaratish barcha darajadagi rahbarlarning e’tibor markazida turishi kerakligini bejiz bot-bot ta’kidlamayaptilar. Chunki odamlar ishli bo‘lsa, aholi jon boshiga daromad ko‘paysa, hayotda katta maqsadlar bilan yashaydi, oilasida tinchlik, ishida unum bo‘ladi. Mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha butunlay yangi tizim yaratilgani va bu boradagi ishlar izchil davom etayotgani albatta, quvonarlidir. Ayniqsa, “Ayollar daftari”, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”ning joriy etilgani ishsizlikka barham berishda katta o‘rin tutmoqda.

Prezidentimiz tomonidan Yangi O’zbekiston strategiyasida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, “Faol tadbirkorlik va manzilli moliyaviy ko‘mak – kambag‘allikni qisqartirishning muhim omili” shiori ostida partiyamizning asosiy elektorati bo‘lgan tadbirkorlarni yanada qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlarni olib bormoqdamiz. Mamlakatimizda tadbirkorlik rivojlansa, yangi ish o‘rinlari yaratilsa, Yurtboshimiz aytganidek, mamlakatimizda 2026 yil yakuniga qadar kambag‘allikni kamida 2 barobar qisqartirishning uddasidan chiqamiz.

Bugungi kunda deputatlarimiz, partiya xodimlari ham o‘z ish rejalarini tayyorlashda hududlar kesimi va partiyamizning Saylovoldi dasturidan kelib chiqib barcha soha va tarmoqlarni jadal rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratmoqdalar.

O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mamlakatdagi yetakchi siyosiy kuch sifatida aholini munosib ish bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim ustuvorligi sifatida ishsizlik darajasini qisqartirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Davlatimiz rahbari xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigida yurtimizni yanada obod qilish, zamonaviy uy-joylar, jumladan, barcha hududlarimizda “Yangi O’zbekiston massivlari”ni qurish asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lishi, xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli bo‘lishi uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilishini bildirdi. Bu o‘z navbatida, xalqimizning uy-joyga bo‘lgan doimiy o‘sib borayotgan talabini qondirish, ertangi kunimiz, farovon hayotimiz sari qo‘yilgan muhim qadamdir.

Ayniqsa, Vatan ichra kichik vatan hisoblangan mahallalarning obodligi, go‘zalligi va ko‘rkamligi uchun biz, deputatlar ham o‘z saylov hududimizda ichimlik suvi, ichki yo‘llarni tartibga keltirish, eskirgan elektr simyog‘ochlarini yangilariga almashtirish kabi masalalarga joriy yilda ham alohida e’tibor qaratamiz. Boisi mahalla obod bo‘lsa – yurt obod bo‘ladi. Ozod va obod yurtning fuqarolarida hamisha shukronalik kayfiyati zohir bo‘ladi.

Rahmatullo KAMOLOV,

O’zLiDeP Farg‘ona viloyati Kengashi raisi,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    2760
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+