Taraqqiyot strategiyasi xalqning o‘y-tashvishi, orzu umidlari ro‘yobiga xizmat qiladi

08.01.2022, 12:42

Taraqqiyot strategiyasi xalqning o‘y-tashvishi, orzu umidlari ro‘yobiga xizmat qiladi

Mehr-oqibat, qadr-qimmat tushunchasi bizga begona emas. Ammo tan olish kerak biz bu nodir tuyg‘ulardan biroz uzoqlashgandekmiz. 2022 yilga “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”deb nom berilishi va mamlakatiimizda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” ezgu g‘oyasining amalga oshirilishi bu xalqimiz xohish-irodasi va orzu umidlari ro‘yobiga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda Prezidentimizning “Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasini xalq muhokamasiga qo‘yilishi zamirida ham xalqqa ishonish, xalqqa tayanish va xalq bilan bamaslahat ish olib borishdek, adolat tamoyillari mujassam, desak xato qilmagan bo‘lamiz.

Binobarin, Taraqqiyot strategiyasining 2022 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” bilan tanishar ekanman, unda ilgari surilgan taklif, mulohaza va  tashabbuslar mohiyati haqida kancha fikr yuritsangiz ham kam. Endilikda barcha sohalarda xususan qishloq xo‘jaligida katta muvaffaqiyatlarga erishib, el-yurt to‘kinchiligini ta’minlash, aholi farovonligini yuksaltirish mumkinligi ayon bo‘lmoqda. “Yo‘l xaritasi”da qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 barobar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish zarurligi belgilangan.

Savol tug‘ilishi mumkin, oziq-ovqat xavfsizligi va sohada yuqori samaradorlikka erishish uchun nimalarga ahamiyat qaratish lozim? Bu borada 2022 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”da  mamlakatimizda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil etish, 2022/2023 o‘quv yilda 200 nafar talabani qabul qilish, xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan 8 nafar professor jalb etish, 16 nafar mahalliy professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish, respublika hududlarida o‘rmonlar maydonini kengaytirish va o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanish belgilangani diqqatga sazovordir.

Yana bir o‘tkir muammo Taraqqiyot strategiyasi hujjatlaridan o‘rin olgan va bu borada  ko‘plab taklif, mulohazalar bildirilyapti. Bu - Orol dengizining suvi qurigan tubi hamda Orolbo‘yi hududlarida 200 ming gektar maydonda himoya o‘rmonzorlarini barpo etishdir.   Saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklarini 100 gektarda niholxonalarni tashkil etish,  o‘rmon fondining tog‘ va tog‘oldi hududlarida 2,2 ming gektar maydonda yong‘oq mevalilar, shundan, 1,5 ming gektar pista,  600 gektar  bodom, 120 gektar maydonda yong‘oq plantatsiyalarini barpo qilish, Chorvoq suv ombori atrofidagi hududlarda himoya o‘rmonzorlari barpo etish, Toshkent-Bo‘stonliq avtomobil yo‘li chetlarini hisobidan ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar jadallashtiriladi.

Ammo shuni aytib o‘tishni xohlardimki, bu loyiha qog‘ozda qolib ketmasligi kerak. Biz deputatlar aynan shu ishlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini yuzasidan ish olib borishimiz, bosh-qosh bo‘lishimiz lozim. Taraqqiyot strategiyasi – bu xalqimizning o‘y-tashvishi, orzu niyatlarining ro‘yobga chiqishiga xizmat qiladi. Shunday ekan, uni har tomonlama mukammal va to‘laqonli hayotga joriy etishda har kishi u qaysi vazifada ishlashidan qat’i nazar mas’ul hisoblanadi.

Barno Mirzamova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    486
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+