Taraqqiyot strategiyasi – faol tashqi siyosat olib borishning dasturilamalidir

10.01.2022, 12:23

Taraqqiyot strategiyasi – faol tashqi siyosat olib borishning dasturilamalidir

Prezidentimizning  “Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmoni loyihasi ayni kunlarda keng jamoatchilik tomonidan yuksak ishonch, xayrixohlik bilan muhokama etilmoqda. Farmonda keltirilgan barcha sohalarda realizatsiyalashtirish belgilab berilgan muhim tashabbus, islohot, raqamlar, strategik rivojlanish bosqichlari e’tiborga molikdir.

Ushbu tarixiy farmonda barcha sohalar qatori mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga qaratilgan keng ko‘lamli maqsad va vazifalar belgilanmoqda.

Xususan, mamlakatning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli sub’ekt sifatidagi rolini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu borada hamkor mamlakatlar bilan hamda xalqaro tashkilotlar doirasida mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha muvozanatli, doimiy muloqot olib borish, ular bilan ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda hamda turli darajadagi maslahatlashuvlarni tashkil etish, yirik tadbirlarda mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha O’zbekiston pozitsiyasi hamda umumjahon miqyosidagi tashabbuslarini ilgari surish maqsadi qo‘yilmoqda.

Yana bir muhim vazifalardan biri Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqishdir. Buning doirasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan oliy darajadagi muloqot va ikki tomonlama hamkorlikning barcha formatdagi mexanizmlari asosida yig‘ilishlarni tashkil etish, Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish ishlarini boshlash kabi qator muhim masalalarga urg‘u beriladi.

Shuningdek, farmonda mamlakatimizning tashqi aloqalari geografiyasini kengaytirish, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish, BMT organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatni kuchaytirish, tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, O’zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan O’zbekistonning chet ellardagi fuqarolariga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish kabi muhim vazifalar belgilangan.

Taraqqiyot strategiyasida Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish, ushbu tuzilmalarning davlat hokimiyati tizimidagi o‘rnini mustahkamlash, ularning ichki va tashqi siyosatga oid muhim vazifalarni hal etishdagi vakolatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Shundan kelib chiqib, avvalambor, parlament quyi palatasi, xalqaro hamkorlikning huquqiy asoslarini shakllantirishda faoliyatini yanada ham jonlantirishi davr talabidir. Xalqaro miqyosidagi masalalarni yechishda parlament diplomatiyasi katta o‘rin tutishi inobatga olib, parlament diplomatiyasini kuchaytirish, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik masalalarida har yillik dasturlarni qabul qilish va ularning ijrosini qat’iy nazoratga olish amaliyotini joriy etish kabi masalalar muhim hisoblanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, chuqur tahlil va keng jamoatchilikning fikri asosida maromiga yetkazilayotgan Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasidagi ustuvor vazifalar mamlakatimiz tashqi siyosasatida yangi bosqichni boshlab beradi.

Dilbar Usmonova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    1048
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+