Deputat tashabbusi bilan mahkuma ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

10.01.2022, 15:32

Deputat tashabbusi bilan mahkuma ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

Ushbu tibbiy ko‘rik “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” munosabati bilan Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashining axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi, deputat Abdulaziz Xujakov tashabbusi bilan tashkil etildi.

– Ko‘rik O’zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi hamda xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi hamkorligida tashkil etildi, – deydi IIV huzuridagi JIED 3-mintaqaviy hudud 29-sonli manzil-koloniyasi kadrlar bilan ta’minlash guruhi katta inspektori, kapitan Adbuvahob Abulqosimov. – Bu mahkumlar uchun ham, bu yerda xizmat qilayotgan xodimlar uchun ham zarur.

Tibbiy ko‘rikka viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli respublika tez tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali, viloyat OITS va OIV markazi, sil kasalliklari dispanserining eng malakali xirurg, travmotolog, urolog, ginekolog, okulist, nevropotolog va boshqa turdagi kasalliklar shifokorlari, laborant-mutaxassislar maxsus tibbiy mobil avtobus, yetarli miqdordagi tibbiy anjomlar, rentgen, mobil ijtimoiy dorixona jalb etildi. Ushbu koloniyadagi barcha mahbuslar navbat bilan birma-bir chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

– O’tgan 2021 yilning 25 noyabridan 10 dekabriga qadar o‘tkazilgan aksiya doirasida shu manzil-koloniyaga kelib mahkuma ayollar bilan uchrashgan edim, – deydi xalq deputatlari Jizzax shahar kengashining axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Abdulaziz Xo‘jakov. – O’shanda, ushbu koloniyaga yangi olib kelingan mahkuma ayollardan biri chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi. Bugun shuning natijasini ko‘rib turibmiz. Ushbu chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, avvalo inson qadrini ulug‘lash, mahkumlarning jamiyatimizda o‘z o‘rni borligi va ularning haq-huquqlari, salomatliklarini himoya qilishdan iborat. Chunki ular ham shu xalqning, shu yurtning farzandlari. Bilib-bilmay adashgan vatandoshlarimizni maxsus koloniyalarda qayta tarbiyalab, to‘g‘ri hayot yo‘liga boshqarish hammamizning burchimiz.

Shu kuni bu yerga “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Jizzax viloyati filiali tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ham kelib, tibbiy ko‘rik davomida shifokorlar ko‘rsatmasiga asosan mahbuslarga dori-darmon, sanitariya-gigena vositalari, tibbiy jihozlar tarqatdi. 

Saida Umaraliyeva,

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi

Siyosiy ta’lim markazi rahbari

  • Ko'rildi
    452
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+