Raqamli iqtisodiyot bizga nima beradi?

11.01.2022, 11:39

Raqamli iqtisodiyot bizga nima beradi?

Bugun raqamli texnologiyalar barcha sohalarga va odamlar hayotiga jadal kirib boryapti. Mamlakatimizda ham raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish eng muhim vazifaga aylangan. Prezidentimizning 2020 yil 28 apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2023 yilga borib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2, ushbu sohadagi xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, ular eksportini 100 million AQSh dollariga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, raqamli iqtisodiyotning mamlakatlar yalpi ichki mahsulotidagi ulushi AQShda 10,9 foiz, Xitoyda 10 foiz, Hindistonda 5,5 foizini tashkil etadi. “Vouchercloud” portali tadqiqotchilari dunyodagi “eng aqlli” 25 davlat ro‘yxatini e’lon qildi. O’tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Yaponiya egallagan. Kunchiqar yurt tadqiqotning asosiy ko‘rsatkichlari — Nobel mukofoti laureatlari soni, aholining o‘rtacha IQ (aql-zakovat) darajasi, maktablardagi o‘zlashtirish ko‘rsatkich bo‘yicha ham eng yuqori bahoga sazovor bo‘ldi.

Keyingi o‘rinlardan Shveysariya, Xitoy, AQSh va Niderlandiya joy oldi. Xitoy aholi aql-zakovat darajasi yuqori bo‘lgani uchun uchinchi o‘rinni olgan bo‘lsa, AQShga to‘rtinchi o‘rinda joylashishiga Nobel mukofoti laureatlari soni yordam berdi. Janubiy Koreya, Tayvan va Singapur bilimli (aql-zakovatli) yoshlar soni bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda, ammo faqatgina Nobel mukofoti laureatlari soni kamligi sababli reytingda yuqorida joylasha olmadi.

“McKinsey” ekspertlarining baholashi bo‘yicha, bugungi kunda jahon YaIMning qariyb 10 foizi raqamli aktivlarga to‘g‘ri keladi, shu bilan birga, ularni ishlab chiqish sur’ati jahon iqtisodiy o‘sishining 30 foiziga teng. Raqamli aktivlarning rivojlanishi akselerator (tezlashtiruvchi) harakatiga o‘xshaydi.

Kelgusi besh yillikdagi muhim vazifa

Yangi O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ochiqlik, xalqaro iqtisodiy-siyosiy aloqalarning rivojlanishi yurtimizda sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash imkoniyatlarini yuzaga chiqardi. Bunga mamlakatimiz tashqi savdo hajmining o‘sishini misol qilib keltirish mumkin. “Elektron hukumat”, “elektron boshqaruv”, “telekommunikatsiya”, “internet”, “veb-sayt” kabi yuzlab iboralar hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylandi. IT kundalik hayotimizning barcha sohasini qamrab olmoqda.

Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Elektron hukumat va yagona interaktiv xizmatlar portali orqali 178 ta xizmat yo‘lga qo‘yildi hamda ushbu xizmatlar aholining vaqti va xarajatlarini tejamoqda.

Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz. Shu bois raqamli iqtisodiyotga faol o‘tish kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi. Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni, ayniqsa, korrupsiyani keskin kamaytiradi.

Shu o‘rinda raqamli iqtisodiyot tushunchasiga to‘xtalib o‘tsak. Bu o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ishlab chiqarish, taqsimlash, almashish, iste’mol qilish va boshqaruv jarayonlarining (insonlararo, mashinalararo, bulutlar va katta hajmdagi raqamlar (BIG DATA) orqali) raqamli texnologiyalar hamda internet yordamida ma’lumot almashinishni optimallashtirish orqali katta foyda ko‘rishga qaratilgan faoliyatdir.

Shu o‘rinda alohida qayd etib o‘tish kerakki, yangi bir uyg‘onish davri — uchinchi Renessansga poydevor qo‘yilayotganligi istiqbolimizning ulug‘vorligini namoyon etadi. Ilmsiz, ma’rifatsiz jamiyat va mamlakat taraqqiyotini tasavvur qilish mushkuldir.

Yusuf Xos Hojib o‘zining asarida “Bilimsiz kishi mevasiz daraxtdir, mevasiz daraxtni och kishi nima qilsin?!” deb ilm-ma’rifatning o‘rni naqadar dolzarb va muhimligini ko‘rsatib o‘tgan. Davlatimiz rahbari tomonidan ilm-ma’rifatga alohida urg‘u berilishi va bu orqali raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari kun tartibiga qo‘yilishi O’zbekiston tanlagan yo‘l faqat bir manzilga olib borishini, ya’ni iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy jihatdan kuchli, bozor iqtisodiyoti qonunlari to‘liq amal qiladigan jamiyat qurishning yangi bosqichiga o‘tganimizni yaqqol ifoda etadi.

O’zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha aniq miqdor ko‘rsatkichlari ham belgilangan bo‘lib, davriy jihatdan 2020 — 2023 yillarni qamrab oladi. Xususan, 2020-2021 yillarda barcha sog‘liqni saqlash muassasalari, maktablar va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini, shuningdek, qishloqlar va mahallalarni yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulash hamda aloqa xizmatlari sifatini oshirish, raqamli infratuzilmani to‘liq modernizatsiya qilish va zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlaridan barcha hududlarda foydalanish imkoniyatini ta’minlash, 2022 yilga qadar elektron davlat xizmatlari ulushini 60 foizgacha yetkazishni hamda 2023 yilga kelib raqamli iqtisodiyotning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushini 2 baravarga ko‘paytirishni ko‘zda tutadi.

Amaliy sa’y-harakatlar samarasi uzoq kuttirib qo‘ymadi. “Speedtest Global Index” 2020 yil iyun oyi natijalariga ko‘ra, yangi ma’lumotlarni e’lon qildi va internet tezligi bo‘yicha reytingda O’zbekiston hozirgi kunda 94-pog‘onani egallab turibdi, bir yil ichida 36 pog‘onaga ko‘tarilish kuzatildi. Umuman, oxirgi yilda O’zbekistonda simli internet tezligi 2,5 barobarga o‘sdi.

Taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qo‘shilishimiz uchun, eng avvalo, ilg‘or zamonaviy axborot-kommunikatsiya, internet hamda raqamli texnologiyalar sohasidagi bilimlarni chuqur egallash orqali yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish kerak.

Negaki, biz geografik joylashuvimizga ko‘ra quruqlik orqali yirik suv havzalaridagi portlarga chiqishimiz uchun kamida ikki davlat chegarasidan o‘tishimizga to‘g‘ri keladi. Bu ham vaqt nuqtai nazaridan, ham iqtisodiy jihatdan jahon bozoridagi o‘rnimizga salbiy jihatdan ta’sir qilishi bor gap. Buning yechimi aql-zakovat, yangi innovatsiyalar va malakali kadrlar salohiyatiga bevosita bog‘liq.

Yana bir muhim jihat — mamlakatimizda aholi eng ko‘p to‘qnash kelayotgan sohalarni raqamlashtirish, odamlarning og‘irini yengil qilishga ustuvorlik qaratilyapti. Jumladan, sog‘liqni saqlash, kadastr, ijtimoiy himoya, qishloq xo‘jaligi, ta’lim yo‘nalishlarini raqamlashtirish bo‘yicha amaliy jarayonlar boshlandi va tez orada o‘zining ijobiy samaralarini beradi.

Raqamli iqtisodiyot jamiyatda muayyan o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi, xususan, uning mehnat sharoitlariga ta’siri sezilarli bo‘ladi. Raqamli transformatsiya sharoitida avtomatlashtirish jarayonlarining kuchayishi, sun’iy intellekt, ulkan ma’lumotlar bilan ishlaydigan analitik tizimlar, robotlardan foydalanish ko‘lamining ortishi mehnat resurslari uchun o‘rinbosar bo‘lib xizmat qiladi. Natijada biznes yuritish sharoitlari takomillashib va samaradorlik sezilarli darajada ortadi.

Tizimli yondashuv zarur

Raqamlashtirishning kundalik hayotimizga tezroq kirib kelishini xohlasak, raqamlashtirish ta’sirida turmushimizda turli qulayliklar paydo bo‘lsin, desak, raqamlashtirish tatbig‘ida, albatta, tizimli yondashuv lozim. Qarang, salkam o‘n yildan buyon elektron hukumat tizimini rivojlantirishga intilib kelamiz.

Natijalar esa faqatgina so‘nggi yillarda ko‘zga tashlana boshladi. Birgina bank plastik kartasi misolida olaylik. Ilgari bank kartalarida mablag‘ bo‘lsa-da, uni sarf qilish yoki naqdlashtirish imkoniyati juda ayanchli holatda edi. O’z oylik maoshimizning qaysidir qismidan voz kechishimiz yoki zarur tovarlarni qimmatroq narxlarda xarid qilishimiz ham bor gap edi. Endilikda esa, bank mijozlari onlayn xaridlarni amalga oshirish, mobil qurilmalar yordamida pul mablag‘larini erkin o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Raqamlashtirish texnologiyalarini kundalik hayotimizga maqsadli joriy qilishda eng muhimi, davlat xizmatlarini aholiga taklif qilish orqali xalq bilan interfaol muloqot tezlashmoqda. Bu esa “intellektual hukumat” tamoyillari asosida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada kengaytirish naqadar to‘g‘ri yo‘l ekanligini ham ko‘rsatadi.

Tabiiyki, mazkur holatlarni ijobiy baholash, e’tirof etish mumkin. Chunki davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan raqamlashtirishga oid dasturlar xalqimiz, qolaversa, tadbirkorlarimiz xohish-istaklarini to‘g‘ri anglash imkonini beradi. Tabiiyki, ushbu dasturlarni yanada kengaytirish, takomillashtirish kerak. Biroq ayrim muammolar borki, ularning yechimini qisqa fursatda topish talab etiladi.

Birinchidan, raqamlashtirish bu “ma’lumotlar ombori”dir, ma’lumotlar juda katta hajmdan iborat. Ikkinchidan, bizda “ulkan ma’lumotlar” oqimini boshqarish, saqlash va qayta ishlash turli platformalarni kengaytirish muhim. Uchinchidan, esa mazkur dasturlar ijrosini ta’minlashda amalga oshirish mexanizmlari hamda moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, monitoring jarayonida jamoatchilik nazoratini kuchaytirilishi muhim, deb hisoblaymiz.

Jahon bankining “Raqamli dividentlar” nomli tadqiqoti natijalari mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantirishda raqamli iqtisodiyotning naqadar dolzarb va muhim masala ekanligini ko‘rsatadi. Xususan, internet tezligining 10 foizga yuqorilashi mamlakat YaIM o‘sishiga ham olib keladi. Rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich, 1,21 foizni tashkil etsa, rivojlanayotgan davlatlarda 1,38 foizni tashkil etadi. Demak, internet tezligi 2 barobar oshadigan bo‘lsa, YaIM hajmi ham qariyb 15 foizga oshishiga erishish mumkin.

Raqamli iqtisodiyot rivojlangan davlatlarda YaIM hajmi ham, YaIMning aholi son boshiga ulushi ham yuqoridir. Shu jihatdan, davlatimiz rahbarining bu masalaga davlat miqyosida e’tibor qaratishi bir maqsadni ko‘zlaydi, u ham bo‘lsa, birinchidan, aholining yashash darajasini yuksaltirish, ikkinchidan, aholining real daromadlarini oshirishdir.

U kelajak, demak

Shubhasiz, raqamli iqtisodiyot — kelajak. Milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi ko‘p jihatdan raqamli iqtisodiyotning muhim tarkibiy qismi hisoblangan Sanoat 4.0 inqilobiga moslashish, raqamli texnologiyalarni iqtisodiyotning barcha sohalariga joriy etishni qanchalik qisqa fursatda hal etishimizga chambarchas bog‘liq. Mazkur yo‘nalishda ishlarni samarali tashkil etish raqamli texnologiyalar sohasida yetarli kompetensiyalarga ega bo‘lgan yetuk kadrlarga borib taqaladi. Bu borada ham tizimli tadbirlar yo‘lga qo‘yilganligini ta’kidlash zarur.

Xususan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga barcha hududlarda raqamli texnologiyalar bo‘yicha kamida 100 ta o‘quv markazi ochish vazifasi qo‘yilgan. Bu dargohlarda dasturlash asoslari, elektron savdo va grafikli dizayn kabi yo‘nalishlar bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, respublikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida blokcheyn texnologiyalari bo‘yicha maxsus kafedralar ochish ko‘zda tutilgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yilning 17 fevraldagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga joriy etish uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirish uchun muhim qadam bo‘ldi.

Mazkur qarorga muvofiq, sun’iy intellektni joriy qilishning muhim jihatlari — huquqiy rejim, institutsion asoslar, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, xalqaro hamda milliy standartlar, sun’iy intellekt joriy qilinadigan ustuvor soha va tarmoqlar, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari qamrab olingan.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ustuvor tarmoqlar va sohalar sifatida qishloq xo‘jaligi, bank, moliya va soliq sohalari, transport, energetika, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, elektron hukumat sohalari belgilab olindi.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti va Sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma alyans respublikamizda sun’iy intellektni rivojlantirishning institutsional asoslarini tashkil etadi. Bundan tashqari, sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma alyans tarkibiga kiruvchi tashkilotlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish bilan bog‘liq faoliyatni moliyalashtirish uchun jami 200 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.

E’tiborli jihati shundaki, hozirgi kunda sun’iy intellektni rivojlantirish va bu sohaga investitsiya kiritish bo‘yicha global darajada keskin raqobat avj olmoqda. Sun’iy intellekt sohasidagi tadqiqotlarda Xitoy Xalq Respublikasi yaqqol yetakchi hisoblanadi. 2030 yilga kelib, sun’iy intellekt yaratadigan qiymatni 150 milliard AQSh dollariga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, sun’iy intellektga investitsiya kiritgan davlatlar o‘ntaligidan AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Hindiston davlatlari o‘rin olgan.

Fikrimizcha, sun’iy intellekt sohasidagi startap loyihalarni qo‘shma moliyalashtirish (kraudfanding) mexanizmlarini joriy etish mazkur sohani moliyalashtirish imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali xalqimiz farovonligini ta’minlaydigan yorqin kelajakni ko‘zlar ekanmiz, sun’iy intellektni joriy qilish uchun zaruriy shart-sharoitlarni yaratish shubhasiz, bugungi kunning dolzarb va ustuvor vazifasi sifatida qaralishi zarur. Agar raqamli iqtisodiyot borasida mo‘ljallangan vazifalar amalga oshirilsa, barcha sohalarda ulkan amaliy natijalar yaqqol ko‘rinadi va aholi farovonligi sezilarli darajada ortadi.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

  • Ko'rildi
    4340
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+