Inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiluvchi muhim dasturilamal hujjat

12.01.2022, 16:21

Inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiluvchi muhim dasturilamal hujjat

Bundan besh yil muqaddam Prezidentimiz tomonidan xalqimiz bilan bamaslahat ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasi qabul qilgan edi. O’tgan davr mobaynida ushbu Strategiya asosida mamlakatimizda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bugun bu o‘zgarish va yangilanishlarni odamlar o‘z kundalik hayotida his etmoqda. 

Agar o‘tgan davrda O’zbekistonda erishilgan marralar haqida so‘z yuritsak, ularni sanab adog‘iga yetolmaymiz. Chunki bu shiddatli islohotlar ulkan bunyodkorlik, obodonchilik ishlari, inson manfaatlari ulug‘langani va xalq bilan muloqotning yangi tizimi joriy etilgani bilan hayotda o‘zining yorqin ifodasini topdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, Harakatlar strategiyasi doirasida yigirma besh yilda qo‘lga kiritilmagan natijalarga, yutuqlarga erishdik.

Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar va ekspertlar tomonidan keng o‘rganilib, qizg‘in muhokama qilinayotgan “Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasida bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada oshirish, Yangi O’zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, aholining farovon yashashini ta’minlash, odamlarni har bir kunidan, hayotdan rozi qilishdek ezgu maqsadlar o‘z ifodasini topgan.

Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi 2017–2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasining uzviy davomi bo‘lib, loyihaning umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi muhim ishlarda xalqqa tayanish va xalq bilan bamaslahat ish olib borishdek asosiy demokratik tamoyillar hayotimizdan chuqur o‘rin olganidan dalolat beradi.

Shu jihatdan, yurtdoshlarimiz mamlakatimiz kelajagi to‘g‘risida qayg‘uryapti, O’zbekistonning gullab-yashnashini, jahondagi eng ilg‘or davlatlar safiga kirishini istayapti va muhokama jarayonlariga faol ishtirok etib, o‘z takliflarini, tavsiyalarini bermoqda. Zero, ushbu hujjatda islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yildi.

Strategiya loyihasi bilan tanishar ekanmiz, uning har bir bandida yurtimizda yashayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat etib belgilanganiga, bu milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab berishiga ishonasan kishi. Mazkur hujjat loyihasi “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida ishlab chiqilgani alohida e’tiborga molik.

Taraqqiyot strategiyasining birinchi yo‘nalishi inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, deya belgilangani bejiz emas. Keyingi yillarda amalga oshirilgan yangilanishlar, islohotlar samaralarini har bir yurtdoshimiz o‘z turmushida yaqqol his etdi.

Birinchi yo‘nalish doirasidagi vazifalar o‘tgan besh yil davomida inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning uzviy davomi bo‘ladi, ularni yangi pog‘onaga ko‘taradi. Xususan, Taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 3-bandida mahallaning “faol” modelini joriy etish hamda har bir fuqarolar yig‘inini aholi muammolarini bevosita hal qilish, hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlari kengaytirilib, ushbu maqsadda mahallaning alohida jamg‘armasi tashkil etiladi. Bularning barchasi aholi muammolarini hal etishda sifat va samaradorlik oshishiga olib keladi. Umuman, strategiyaning har bir ustuvor yo‘nalishi inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiluvchi vazifalarni qamrab olgan.

Albatta, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda xalq vakillari bo‘lgan deputatlar ham alohida o‘rin tutadi. Shu bois, yaqin kelajakda Yangi O’zbekistonni har tomonlama obod va farovon, dunyodagi eng ilg‘or mamlakatlardan biriga aylantirishni maqsad qilgan ushbu hujjat loyihasi bo‘yicha fikr-mulohazalar, takliflar bildirishdek mas’uliyatli va sharafli jarayonda parlament quyi palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi a’zolari ham faol ishtirok etyapti.

Deputatlarimiz, partiyamizning barcha tuzilmalari tomonidan turli shakllardagi tadbirlar o‘tkazilib, o‘rtaga tashlangan g‘oyalar, fikrlar umumlashtirilgan holda, saralanib, muhokama uchun kiritilyapti. Asosiysi, bu jarayonga hech kim befarq qarayotgani yo‘q. Barcha faollarimiz, tarafdorlarimiz loyihaning hayotiy, asosli taklif va tashabbuslar bilan to‘ldirilishiga hissa qo‘shayotir.

Inchinun, Strategiyada belgilangan eksportchi korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini faol davom ettirish orqali respublika eksport salohiyatini oshirish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solgan holda mahalliy sanoat tarmoqlari eksport salohiyatini yanada rivojlantirish, tashqi bozor va xalqaro talablarga javob beradigan standartlarni joriy etish va mashhur brendlarni jalb qilishdek muhim vazifalar O’zLiDeP saylovoldi dasturidagi maqsad-vazifalarga uyg‘un va hamohangdir.

Xususiy sektorning eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish, ksportchi korxonalarga ko‘rsatilayotgan tashkiliy va moliyaviy yordam berish tizimini takomillashtirish, eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulotlar hajmini 3,3 baravar ko‘paytirib, Yevropa davlatlariga GSP+ tizimi doirasida tayyor mahsulotlar eksportini kengaytirish mo‘ljallangan.

Ayniqsa, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga chiqarishda ko‘maklashish tizimini takomillashtirish hisobiga eksportchi korxonalar sonini hozirgi 6 500 tadan 15 000 taga, tovarlarning eksport geografiyasini 115 tadan 150 taga yetkazish rejalashtirilayotgani partiyamiz elektorati bo‘lgan tadbirkorlarni nihoyatda mamnun etdi, harakatga keltirdi.

Xulosa qilib aytganda, Strategiya loyihasining barcha hududlarda jonli, katta qiziqish bilan o‘rganilib, muhokamalar davomida fuqarolarimiz tomonidan ko‘plab takliflar ilgari surilayotgani ham xalqimizning huquqiy ongi va siyosiy faolligi sezilarli darajada oshganligidan dalolat beradi. Zotan, Taraqqiyot strategiyasining barcha bandlarida inson manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz turmush darajasini oshirish maqsadida ko‘plab muhim vazifalar belgilanganki, ularning hammasi muhim.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    945
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+