“Mahallabay” ishlashning afzalliklaridan yanada unumliroq foydalanishimiz kerak

17.01.2022, 16:35

“Mahallabay” ishlashning afzalliklaridan yanada unumliroq foydalanishimiz kerak

Keyingi bir necha yil mobaynida “mahallabay” tarzda ish olib borishning ko‘plab afzalliklari yaqqol ko‘zga tashlandi.  Xususan, ish ana shunday yo‘sinda tashkil qilinganda mahalliy boshqaruv organlari fuqarolarga yaqinlashadi, turli kamchiliklar, muammolarni aniqlash va ularni hal qilish samaradorligi ortadi, har bir oilani moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini mustahkamlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari kengayadi.

Islohotlarga uyg‘un tarzda “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilgani va uzluksiz takomillashtirilayotgani ijobiy natijalar beryapti. Kuni kecha Prezidentimiz  raisligida mahallabay ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ana shu natijalar ham qisman qayd etildi. Faol islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahallabay ishlash natijasida o‘tgan yili mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot 7,4 foizga o‘sdi.  Hududlarda 100 mingta yangi tadbirkor ish boshladi. O’zini o‘zi band qilganlar soni 700 mingga ko‘payib, 1,2 millionga yetdi.

– 2022 yilni Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili, deb e’lon qildik. Shu bois bu yil barcha mahallalarda tub o‘zgarishlar bo‘lishi kerak, – dedi yig‘ilishda davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda mahallabay ishlash tizimini tashkil etish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Aholi murojaatlari orqali joylardagi vaziyat o‘rganilib, mahallalar qiyofasi va ijtimoiy muhitini yaxshilashga alohida e’tibor qaratish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu ishlar, avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nisbatan og‘ir bo‘lgan mahallalardan boshlanadi.

Shu munosabat bilan ushbu mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ichimlik suvi tarmoqlarini, bog‘cha, maktab, tibbiyot muassasalari, madaniyat markazlarini ta’mirlash va qurish, bir so‘z bilan aytganda, odamlarni rozi qilishga ustuvor ahamiyat berish lozimligi qayd etildi.

Biz – partiya faollari mazkur yig‘ilishda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda MFY va mutasaddilarga astoydil ko‘maklashishimiz lozim. Xususan, muhtoj oilalarni tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha muayyan tajribaga egamiz. Hamkor tashkilotlar bilan bahamjihat ishlab, butun tajribamizni ishga solib, yurtdoshlarimiz turmushini yaxshilashga hissa qo‘shamiz.  

 

Sardor Maripov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    383
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+