Salomatligimiz o‘z qo‘limizda!

19.01.2022, 11:45

Salomatligimiz o‘z qo‘limizda!

Zangiota-2 maxsus kasalxonasi direktori Doniyor Mirazimov  Toshkent shahri va viloyati aholisiga videomurojaat bilan chiqdi. U keyingi paytda shifoxonaga keluvchilar  ko‘payib ketganini aytib, yurtdoshlarimizni ehtiyotkorlikka chaqirdi.

Gap shundaki, mazkur shifoxona COVID-19 xastaligi og‘ir kechayotgan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan. Aksariyat keluvchilarning maqsadi esa koronavirusga ekspress-test topshirish, o‘zida kasallik bor-yo‘qligini aniqlashdir. “Kasalxonamizga oddiy shamollash bilan kelib, “omikron” yuqtirib ketishingiz ehtimoli katta”, dedi  shifokor.

Ustiga-ustak, test topshiruvchilar kasalxonaga o‘z yaqinlari, tanishlari hamrohligida kelyapti, bu esa odamlar to‘planishiga sabab bo‘lyapti.  Ya’ni,  virusning tez tarqalishi  xavfi oshyapti.  

Darhaqiqat, kuchli zarurat tug‘ilmasa, maxsus kasalxonalarga bormagan ma’qul.  D.Mirazimov ta’kidlaganidek, test topshirish uchun tumanlardagi ixtisoslashgan poliklinikalar va sanitar-epidemiologik xizmatlar bo‘linmalariga murojaat qilish maqsadga muvofiq.  

Ehtiyotkorlik oson, keyingi pushaymon esa og‘ir yumush, deydi donishmandlar. Nafaqat o‘zimiz, balki yaqinlarimiz, do‘stlarimiz, hamkasblarimiz taqdirini ham o‘ylab ish tutishimiz kerak.

Albatta, kasallikni davolagandan, uning oldini olgan afzal. Hali emlanmaganlar  zudlik bilan vaksina olishi lozim. Koronavirus kasalligi oldini olishning eng maqbul yo‘li – shu, hozircha.  Davlatimiz, hukumatimiz sinovlardan o‘tgan, samaradorligi isbotlangan vaksinalarni xorijdan katta pulga sotib olib, ularni bepul qabul qilishimiz uchun hamma shart-sharoitni yaratib berdi. Vaholanki, ayrim davlatlarning bunday ishlarga qurbi yetmayapti.  

G’amxo‘rliklarga munosib tarzda ish tutaylik! Salomatligimiz  o‘z qo‘limizda!     

Mavluda Ibragimova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    343
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+