Partiya vakillari Karmanada hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilariga ko‘makchi bo‘lyapti

26.01.2022, 16:03

Partiya vakillari Karmanada hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilariga ko‘makchi bo‘lyapti

Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida mahallalarda ahvol qanday? Yangi tayinlanayotgan hokim yordamchilari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari faoliyatlariga qay darajada kirisha oldilar?

O’zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi vakillari Karmana tumanidagi qator mahallalarda bo‘lib, mahallalarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi,  aholining turmush tarzini o‘rgandi, yangidan ish boshlagan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari faoliyatiga oid sayyor kuzatuv o‘tkazdi.

Jumladan, Nurafshon mahallasi raisi bilan suhbatda oilalarning moddiy va  ma’naviy ahvolini yanada yaxshilash, ularga doimiy ravishda huquqiy va amaliy ko‘mak berish lozimligi va bu borada partiyaning roli to‘g‘risida fikr almashilib, hamkorlikda amalga oshirish mumkin bo‘lgan ishlar rejalashtirib olindi.

Shuningdek, hududiy partiya tashkiloti rahbari M.Eshniyozov mahallada yangi lavozimga tavsiya qilingan yoshlar yetakchisi bilan faoliyatining dastlabki bosqichi va o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan vazifalari to‘g‘risida suhbatlashdi.

Partiya vakillari Karmana tumanidagi “Nurafshon” MFYda istiqomat qiluvchi issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanayotgan xonadonlarda bo‘lishdi.

-Davlatdan  kredit olib, issiqxona qurganmiz. Yerimiz bo‘shamaydi. Sovuqqa chidamliligi uchun qishda ismaloq ekib tashlaymiz. Har o‘rimi 1 million bo‘ladi. Har haftada bir o‘rim bozorga chiqaramiz. Bundan tashqari limonariya ham tashkil qilganmiz. 1 yilda 10-15 million sof foyda olyapman, - deydi  shu mahalladagi Nurafshon ko‘chasi, 160- uyda istiqomat qiluvchi M.Normurodova.

Tumanning  Mir Said Bahrom mahallasi hokim yordamchisi B. Saburov faoliyatiga nazar esa shu mahallaning 8 mart ko‘chasida istiqomat qiluvchi J.To‘xtayev xonadonidan boshlandi.

“Namunali tomorqachi” loyihasi doirasida tomorqadan namunali foydalanish, hovlilarda barpo etilgan issiqxonalar holatini o‘rganish maqsadida J.To‘xtayev xonadoniga kelgan hokim yordamchisi partiya xodimlarini xonadon sohibining ko‘zni quvnatadigan ishlari bilan tanishtirdi.

Hovli tashqarisidan 1 yarim sotix yerga issiqxona qurib, issiqxonasining ikkala tomoniga o‘zidan tabiiy issiqlik chiqaruvchi parrandaxona tashkil qilgan va bu orqali 30 tup limon va limonlar orasiga almashlab ekiluvchi ekinlari uchun normal issiqlik holatini tabiiy saqlash metodini qo‘llayotgan bu oilani boshqalarga namuna qilib ko‘rsatsa arzigulik.

Ichkari hovlining  zamonaviy landshaft dizayida bezalishi, xonadon egasi o‘z qo‘llari bilan yasagan qo‘lbola pechlar, aksessuarlardan foydalanib yasalgan sharshara va yasama buloqlar o‘z-o‘zidan oilada tadbirkorlikka kuchli intilish borligini namoyon etdi.

Xonadon egalari yaqinginada uy telefoni bilan bog‘liq bir muammoda O’zLiDeP deputatiga murojaat qilishgani va muammolarini hal etganligini aytib, partiyaga xayrixohligini izhor qilishdi.

Muhayyo Pirnafasova,

O’zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi

Jamoatchilik bilan aloqalar va

mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    244
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+