Davlatimiz sifatli dori-darmon ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlamoqda

26.01.2022, 16:11

Davlatimiz sifatli dori-darmon ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlamoqda

Xalq orasida yurib, ko‘plab aholi vakillarining dori-darmonning sifati va narxi borasida e’tirozlariga guvoh bo‘lganman. Tan olish kerak, bugun o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan ayrim dori-darmonlarning ham sifati yaxshi emas, narxi ham juda baland. Kasallik xuruj qilganida bemor narxigayam, sifatigayam qarab turmaydi, qarz-qavala qilib bo‘lsa-da, sotib olishga majbur bo‘ladi. Dori-darmonni ko‘paytirish emas, sifatini yaxshilash, uni belgilangan narxdan oshirmasdan sotishni yo‘lga qo‘yish esa bugungi kunning eng muhim talabidir. Bu borada mamlakatimizda farmatsevtika sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilyapti, sohaga keng imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda.

Shu ma’noda Prezidentimiz tomonidan 2022 yilning 21 yanvarida imzolangan “ 2022-2026 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bu kabi og‘riqli muammolarni bartaraf etishda, farmatsevtika tarmog‘ini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi aniq. Chunki farmonda aholini sifatli, samarali va xavfsiz farmatsevtika mahsulotlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, farmatsevtika tarmog‘iga ilg‘or ilmiy-texnika yutuqlari va innovatsiyalarni joriy etish orqali tarmoqda ishlab chiqarish hajmini 3 barobarga oshirish, ichki bozorni ta’minlash darajasini natural hajmda 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Meni quvontirgan narsa shu bo‘ldiki, 2022 yil 1 apreldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish cheklanmagan muddatga amalga oshiriladi, avval berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomalar, ularning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng qo‘shimcha hujjatlar talab qilinmasdan 15 kun muddatda amal qilishi muddatsiz bo‘lgan guvohnomalarga almashtirib beriladi. Bundan tashqari 2022 yil 1 iyuldan O’zbekiston Respublikasi hududida vakolatli tashkilot tomonidan rasmiylashtirilgan “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”ga ega mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini va “ISO:13485” sertifikatiga ega ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan tibbiy buyum va tibbiy texnikani majburiy sertifikatlashtirish tartibi bekor qilinadi.

Farmondagi yana bir muhim jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Unda 2022 yil 1 apreldan farmatsevtika sohasida yangi ishlab chiqaruvchi korxonalar, ulgurji va chakana savdo tashkilotlari mos ravishda “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”, “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” va “Zarur farmatsevtika (dorixona) amaliyoti (GPP)” talablariga muvofiq ravishda tashkil etilishi belgilandi. Ishlab chiqaruvchilarga yana bir qulaylik shundan iboratki, 2022 yil 1 fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarining 75 foizi ular ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan so‘ng Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasidan qoplab beriladi.

Farmonning bugungi kun va kelajagimiz uchun ahamiyati juda katta. Sababi agar mamlakatimizda farmatsevtika sohasini jadal rivojlantirsak va bu tarmoq davlat tomonidan muntazam qo‘llab-quvvatlansa, albatta, biz farmatsevtikasi rivojlangan mamlakatlardan dori-darmonni import qilish darajasini kamaytiramiz. Bu miqdor qanchalik kamaysa, nafaqat iqtisodiyotimiz rivojiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi, balki xalqimizning salomatligini mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shadi. Shunday ekan, biz deputatlar, soha xodimlari, keng jamoatchilik va OAV xodimlari bu farmonni xalq o‘rtasida keng targ‘ib qilishda jonbozlik ko‘rsatishimiz lozim.

Mavluda Ibragimova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    456
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+