Taraqqiyot strategiyasi doirasida O’zLiDePning aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda

27.01.2022, 12:48

Taraqqiyot strategiyasi doirasida O’zLiDePning aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda

Bugun O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda hududiy partiya tashkilotlari ishtirokida videokonferensiya shaklida onlayn yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 yanvar kuni O’zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosiga qaratildi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilgi “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” bo‘yicha davlat dasturi loyihasi ham yangi strategiyadan kelib chiqib tayyorlangan. Ochiq muhokamalar jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod takliflar olingan. Ular tasniflanib va umumlashtirilib, dastur loyihasi 300 dan ortiq tashabbuslar bilan to‘ldirilgan. Ushbu muhokamalarda O’zLiDePning barcha bo‘g‘inlari, partiya faollari ishtirokida ham keng muhokamalar qilinib, yuzdan ortiq aniq takliflar bildirildi.

Yettita ustuvor yo‘nalish va 100 ta maqsaddan iborat bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasining barcha yo‘nalishlari aholi farovonligi, inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi mujassam etilgan bo‘lib, unda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, sud-huquq, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, tashqi siyosat borasida qator yangi marralarni zabt etish ko‘zda tutilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasining birgina uchinchi yo‘nalishida belgilangan vazifalarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks va jadal rivojlantirish, zamonaviy ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravar ko‘paytirish va kambag‘allik darajasini kamida 2 baravar qisqartirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ilm-fan va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligiga bozor mexanizmlarini joriy etish orqali dehqon va fermerlar daromadini 2 baravar oshirib, agrar tarmoqda yillik o‘sishni kamida 5 foizga yetkazish imkoniyati bor. Bundan tashqari, kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish mo‘ljallangan.

Yig‘ilishda bu kabi ustuvor vazifalarni amalga oshirilishida partiya oldida ham katta mas’uliyat yuklashi, partiya elektorati bo‘lgan tadbirkorlar va ishbilarmonlarning ham manfaatlariga to‘liq xizmat qilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Yana bir muhim yo‘nalishlardan biri Xalq deputatlari Kengashlarining mahallalardagi muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish, qabul qilingan qonunlarning amaliyotda so‘zsiz va to‘liq ijro etilishini ta’minlashda parlamentning ishtirokini kengaytirish vazifalari belgilab berilmoqda. Bu esa partining qonunchilik palatasidagi va mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari oldida ham katta mas’uliyat talab qilinadi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining videoselektor yig‘ilishida Taraqqiyot strategiyasi va joriy yilgi Davlat dasturi bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga ko‘rsatib o‘tilgan barcha vazifalarning joylardagi ijrosini ta’minlashda partiya deputatlik guruhlari ham faol ishtirok etib, qat’iy deputatlik nazoratini yo‘lga qo‘yadi.

Partiya yig‘ilishida Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasida O’zLiDePning aniq chora-tadbirlar rejasi, “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

O’zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    30
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+