Taraqqiyot strategiyasi: xalqimiz baxtu saodati, turmushi farovonligi uchun xizmat qiladi

27.01.2022, 16:20

Taraqqiyot strategiyasi: xalqimiz baxtu saodati, turmushi farovonligi uchun xizmat qiladi

Insonni e’zozlash, uning huquq va erkinliklarini amalda ta’minlash – eng muhim va dolzarb masala hisoblanadi. Shu bois, mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash sohasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. 

Davlatimiz rahbari o‘tgan yilgi Prezident saylovida “Inson qadri uchun”, “Davlat – inson uchun” degan g‘oyalarni ilgari surgan edi. Ularni hayotga tatbiq etish maqsadida, aholining fikr va takliflari asosida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi.

Ushbu dasturiy hujjatda yaqin va o‘rta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish tendensiyalari qanday bo‘lishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan. “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosida islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O’zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

7 ta ustuvor yo‘nalish va 100 ta maqsaddan iborat Taraqqiyot strategiyasi jamiyatimizning har bir qatlamida, barcha hududlarda katta qiziqish bilan muhokama etilgani ayni muddao bo‘ldi. Chunki ochiq muhokamalar jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod takliflar olingan. Ular tasniflanib va umumlashtirilib, dastur loyihasi 300 dan ortiq tashabbuslar bilan to‘ldirilgan.

E’tibor bering, Taraqqiyot strategiyasini joriy yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida umumiy qiymati 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbir ko‘zda tutilgan. Demak, barcha sa’y-harakatlar va mablag‘lar har bir mahallaga aniq yetib borishi, oilalar farovonligini oshirishga xizmat qilishi lozim. Yig‘ilishda bu bo‘yicha alohida vazifalar qo‘yildiki, ularni ijrosini ta’minlashda barcha darajadagi rahbarlar, jumladan deputatlar ham faol va tashabbuskor bo‘lishlari kerak.

Bugun eskicha yondashuvlar, uslublar bilan ishlab bo‘lmasligi barchaga yaxshi ayon. Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyot hajmini 2,5 baravar ko‘paytirib, dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 500 mln. dollarga yetkazish belgilangani mamlakatimizning bu yo‘nalishda ilg‘or davlatlar safida bo‘lishini ta’minlaydi.

Strategiyada belgilangan vazifalar bilan tanishar ekanmiz, uning har bir bandida yurtimizda yashayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat etib belgilanganiga, bu milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab berishiga ishonasan kishi. Mazkur hujjat  “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida ishlab chiqilgani alohida e’tiborga molik.

Mazkur hujjatda iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks va jadal rivojlantirish, zamonaviy ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravar ko‘paytirish va kambag‘allik darajasini kamida 2 baravar qisqartirish rejalashtirilgan.

Yangi O’zbekiston strategiyasida aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va ishsiz fuqarolarni davlat hisobidan malakali kasb-hunarga o‘qitish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ehtiyojmand aholini manzilli qo‘llab-quvvatlash orqali 2026 yilgacha kambag‘allikni ikki barobar qisqartirish ko‘zda tutilmoqdaki, bu bilan ijtimoiy xizmatlarning sifati yaxshilangan holda, ko‘lami kengaytiriladi.

Aniq yo‘naltirilgan, manzilli chora-tadbirlarning samaradorligi hayotiy tajribada isbotlangan. Shu ma’noda sharoiti “og‘ir” bo‘lgan 14 ta tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun pasaytirilgan soliq stavkalarini o‘rnatish mo‘ljallanayotgani ayni muddaodir.

Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan islohotlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xalq farovonligini oshirishga qaratilgani bilan alohida e’tiborga molik. Shuning uchun bu borada, dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish maqsadi qo‘yilyapti.

Suv resurslarini boshqarish tizimi tubdan isloh qilinishi
va suvni tejash bo‘yicha alohida davlat dasturining bajarilishi esa agrar soha vakillarining mehnati samaradorligini yanada oshiradi.   Meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, intensiv bog‘lar maydoni hajmi va issiqxonalar sonini keskin ko‘paytirishga ham e’tibor berilgan.

Muxtasar aytganda, yaxshi niyatlar bilan marra juda baland olinyapti. Odamlarni hayotdan rozi qilish, ularning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish borasidagi ishlar yanada qizg‘in va jadal tus olyapti. Yangi, demokratik jamiyatni barpo etish, kelajak poydevorini qurish, hech shubhasiz, har birimizdan qat’iyatli va tashabbuskor bo‘lishni, yangicha fikr yuritish, yangicha ishlashni talab etmoqda.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari,

O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

 

  • Ko'rildi
    268
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+