Taraqqiyot strategiyasi: Biz tayangan ustunlar

27.01.2022, 16:34

Taraqqiyot strategiyasi: Biz tayangan ustunlar

Vaqt - yugurik. Ko‘z ochib yumguncha, kunlar oylarni, oylar yillarni quvib o‘tayotgandek. Biroq, hayotimizda tutgan o‘rni, nafaqat bizning, balki kelajak avlodlarimizning taqdiriga daxldor maqsad va vazifalarning qamrovi, ularni amalga oshirish chora-tadbirlari belgilanayotgan ushbu kunlarning har biri asrlarga ta’tigulik.

Bugun real voqelikka aylangan Yangi O’zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar eng avvalo, odamlar dunyoqarashida aks etayotgani sir emas. Bugungi odamlarimiz aynan, fikrlashi, dunyoqarashi bilan bundan besh-olti yilgi odamlardan keskin farq qiladi. Bu holat hatto kundalik gap-so‘zlarimizda ham aks etmoqda. Inson qadri uchun, degan ibora bugun barchaning tili va ko‘nglidan joy olib ulgurgani fikrimiz isboti.

Joriy yil 22 yanvar kuni O’zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz, Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emasligiga, Inson qadri deganda, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni, har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berish nazarda tutilayotganini, bu maqsadga erishish uchun dunyodagi noyob demokratik tuzilma bo‘lgan mahalla instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylantirish bosh vazifa ekanligini ta’kidladi. Zero, “Mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat obod bo‘ladi”, – dedi davlatimiz rahbari.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida yaqin va o‘rta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish tendensiyalari qanday bo‘lishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan. “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosida islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, joriy yil – “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” bo‘yicha davlat dasturi loyihasi ham yangi strategiyadan kelib chiqib tayyorlangan. Ochiq muhokamalar jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod takliflar olingan. Ular tasniflanib va umumlashtirilib, dastur loyihasi 300 dan ortiq tashabbuslar bilan to‘ldirilgan. Taraqqiyot strategiyasi 7 ta ustuvor yo‘nalish va 100 ta maqsaddan iborat.

Taraqqiyot strategiyasini joriy yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida umumiy qiymati 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollarlik     398 ta chora-tadbir ko‘zda tutilgan.

Taraqqiyot strategiyasida mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish, xalq bilan muloqot tizimini takomillashtirish, hududiy dasturlarni jamoatchilik fikri asosida amalga oshirish, xotin-qizlarning o‘qishi va ishlashi uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish orqali ular orasidagi ishsizlikni 2 baravarga qisqartirish, mulk huquqini ishonchli himoya qilish, ma’muriy sudlar vakolatlarini kengaytirish orqali fuqaro va tadbirkorlar huquqlarini kafolatli ta’minlash, yo‘llarda xavfsiz sharoit yaratish, transport hodisalari va o‘lim holatlarini keskin qisqartirish uchun harakatlarni boshqarish to‘liq raqamlashtirish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizning hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks va jadal rivojlantirish, zamonaviy ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar belgilangan.

Kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan.. Kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish mo‘ljallangan. Shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport, ma’naviyat, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish masalalariga ham e’tibor qaratilgan.

Mamlakatimiz qiyofasini, uning dunyoda tutgan maqei va obro‘sini, eng muhimi odamlarimizning turmush darajasini ijobiy tomonga o‘zgartirib yuboradigan bu maqsad va vazifalar amalga oshishiga esa shubha yo‘q. Chunki, Prezidentimiz aytib o‘tganidek, biz  Yangi O’zbekistonni bunyod etishda ikkita mustahkam ustunga, ya’ni bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umumbashariy g‘oyalarga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanamiz.

Erkin XOLMATOV,

O`zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi raisi,

Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi

O`zLiDeP deputatlik guruhi rahbari

  • Ko'rildi
    322
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+