Taraqqiyot strategiyasi - hayotbaxsh dastur

28.01.2022, 11:54

Taraqqiyot strategiyasi - hayotbaxsh dastur

Davlatimiz rahbarining joriy yil 26 yanvarda O’zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida jumladan, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarida ta’minlash bo‘yicha belgilab berilgan vazifalari, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlarni yaratish borasidagi fikr - mulohazalari O'zLiDePning dasturiy maqsad va vazifalari bilan hamohang ekanligi bilan ahamiyatdir.

Darhaqiqat, mamlakatimizda xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish yurtimizda 2026 yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini kamida 2 baravar qisqartirish rejalashtirilayotganligi partiyamiz faollarini ham ushbu yo‘nalishdagi tadbirlarda bevosita ishtirok etishlarini taqozo etadi. Targ‘ibot-tashviqot va tegishli tushuntirish ishlari orqali viloyatimizda ham yangidan-yangi sanoat zonalarini tashkil etish, biznes inkubatorlar tizimini rivojlantirishga, sharoiti og‘ir bo‘lgan hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘lay sharoitlarni vujudga keltirishda partiyaning viloyatimizdagi barcha bo‘g‘inlari faollari ham o‘z hissalarini qo‘shishlari zarur.

Butun mamlakatimizda bo‘lganidek, Buxoro viloyatida ham 2026 yilga borib, tadbirkorlik sub’ektlariga soliq yuklamasini yalpi ichki mahsulotning 27,5 foizidan 25 foizi darajasiga kamaytirish zarurligini har birimiz Prezidentimiz ma’ruzasini tinglagan holda aniq his etdik. Hech shubhasiz, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha mavjud tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish zarurligi ham viloyatimizning tegishli mas’ul idoralari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklashi turgan gap.

E’tiborlisi Buxoro viloyatida turizmni jadal rivojlantirish bo‘yicha alohida dasturning amalga oshirilishi biz partiya faollari qalbida faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otishi bilan birga zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi.

Ma’lumki, xorijiy investitsiyalarning yurtimizga jalb etilishi mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Prezidentimizning har bir chiqishida bu alohida ta’kidlab kelinmoqda. Videoselektor yig‘ilishi ham bundan mustasno emas. Viloyatimiz shahar va tumanlarida bu muhim masala mas’ullarning, shu jumladan O'zLiDeP faollarining doimiy e’tiborida bo‘lishiga ishonchimiz komil. Ya’ni invenstitsiyalarni hududlarga jalb qilish uchun zarur sharoitlar yaratilgandagina chet ellik sarmoyadorlar ishtirokida tegishli korxonalar o‘z faoliyatini boshlaydigan bo‘ladi. Negaki, mamlakatimiz miqiyosida bu boradagi ishlar ko‘lami nihoyatda keng. Kelgusi 5 yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish mo‘ljallanganligi, ushbu  yo‘nalishdagi ishlar Buxoro viloyatida ham izchil amalga oshirilishini har birimiz to‘liq anglab yetmoqdamiz.

Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimizning videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasi, taraqqiyot strategisida belgilab berilgan maqsad va vazifalar, “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” davlat Dasturida ko‘zda tutilgan hayotbaxsh ishlar barchamizni Vatanimizning ertangi kuniga teran ko‘z bilan nigoh tashlashiga da’vat etib turibdi. Tabiiyki, partiyaviy sobitqadamlik va faollik faoliyatimizning bosh mezoni bo‘lib qoladi. 

 Farmon Aminov,

O'zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi raisi,

xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

  • Ko'rildi
    219
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+