Taraqqiyot strategiyasi doirasida O’zLiDePning “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi

31.01.2022, 12:00

Taraqqiyot strategiyasi doirasida O’zLiDePning “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan "2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida"gi Farmonidan kelib chiqadigan partiya oldidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Ta’kidlandiki, Farmon bilan keng jamoatchilik muhokamasi natijasida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi.

Yettita ustuvor yo‘nalish va 100 ta maqsaddan iborat bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasining barcha yo‘nalishlari aholi farovonligi, inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi mujassam etilgan bo‘lib, unda xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish kabi qator yangi marralarni zabt etish ko‘zda tutilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ushbu ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasida O’zLiDePning aniq chora-tadbirlar rejasi “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va uni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruh a’zolari shakllantirildi.

Kelgusi besh yillikda mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlarni yaratish, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Bu maqsadlarni amalga oshirishda mamlakatda qulay biznes va investitsion muhitni shakllantirish, ayollar va yoshlar tadbirkorligini ko‘llab-quvvatlash, hududlarda yangi sanoat zonalarini tashkil etish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish muhim ahamiyatga egadir. Shundan kelib chiqqan holda partiya ushbu yo‘nalishda qator loyihalarni, tadbirlarni amalga oshirishni maqsad qilgan. Xususan, tadbirkorlik rivojiga xalal berayotgan omillarni aniqlash va shundan kelib chiqib, sohaga doir qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish, xususiy biznesga daxldor jarayonlar ustidan qat’iy partiyaviy va deputatlik nazoratini o‘rnatadi. Shuningdek, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yosh innovatorlar klubi”, “O’zLiDeP yoshlar biznes turi”, “Yosh muvaffaqiyatli tadbirkor”, “Ishbilarmon ayol”, “Bugunning tadbirkor ayoli”, “Mening biznes g‘oyam” kabi bir qator partiyaviy loyihalar amalga oshiriladi.

Strategiyada raqamli iqtisodiyotni “drayver” sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 barobar oshirishga qaratilgan ishlarni olib borish, dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 5 barobar, ularning eksportini esa 10 barobar oshirish maqsad qilindi. Bu borada “Raqamli O’zbekiston – 2030” strategiyasi doirasidagi chora-tadbirlar ijrosi ustidan hududlar kesimida jamoatchilik va deputatlik nazoratini amalga oshirish, parlament eshituvini tashkil qilish, “Raqobatbardosh O’zbekiston konsepsiyasi”ni ishlab chiqish bo‘yicha partiyaning aniq asoslantirilgan takliflarini berish ko‘zda tutilgan.

Iqtisodiyotning yana bir muhim yo‘nalishlardan biri mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish,
kelgusi besh yilda 120 mlrd dollarlik, jumladan 70 mlrd dollarlik xorijiy investitsiyalarni jalb etish choralari ko‘riladi. Ushbu maqsadlar yo‘lida partiya fraksiyasi va deputatlik korpusi vakillari tomonidan investitsiyalar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida yagona Investitsiya kodeksi ishlab chiqiladi.

Taraqqiyot strategiyasida qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida ham yirik loyihalar amalga oshirilishi belgilandi. Ushbu loyihalarning bajarilishi ustidan parlament va deputatlik nazorati o‘rnatiladi, shuningdek “Bir mahalla bir mahsulot” tamoyili asosida mahallalarni aniq bir ekin turiga ixtisoslashtirish, tajribali fermer va tadbirkor ayollar tajribasini ommalashtirishga qaratilgan “Namunali tomorqachi” loyihasi amalga oshiriladi.

Partiya yo‘l xaritasida qonun ijodkorligi va parlament nazoratini amalga oshirish borasida ham qator vazifalarni belgilab olmoqda. Xususan, mahalliy kengashlar faoliyatining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga qaratilgan “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari reglamenti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tayyorlanadi. Shuningdek “Davlat nazorati to‘g‘risida”, “Davlat boshqaruvi asoslari to‘g‘risida”, “Elektr energetikasi to‘g‘risida”, “Tabiiy gaz to‘g‘risida”, “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”, “Mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”, “Tuproq unumdorligi to‘g‘risida”gi va boshqa zarur qonun loyihalari ishlab chiqiladi, ba’zi qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Umuman olganda, partiya Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarni amalga oshirishda o‘z hissasini qo‘shadi, bu yo‘lda bor kuch va imkoniyalarini to‘liq safarbar etadi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.  

O’zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    678
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+