Yon-atrofimizda shunday odamlar borki, ularning sadag‘asi ketsang, arziydi

31.01.2022, 16:03

Yon-atrofimizda shunday odamlar borki, ularning sadag‘asi ketsang, arziydi

Yon-atrofimizda shunday odamlar borki, ularning sadag‘asi ketsang arziydi.

 Nurota shahar, G‘afur G‘ulom mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Q.Fayzanov ana shunday ismi yirik harflar bilan bitiladigan inson.

Uning bor-yo‘g‘i 1,5 sotixli ixchamgina issiqxonasidagi limonzorni ko‘rganki bor, bu gapning tasdig‘ini topishi aniq.

Shu kichkinagina joyga 30 tup limon ko‘chatlarini o‘z tili bilan aytganda, daromadini o‘ylab emas, yaxshi ko‘rib ekkan dehqon atigi 1,5 sotix yerdan yiliga 35-40 million foyda ko‘rishini tush ham ko‘rmagan.

Nurotaday tog‘li-toshli maskanda qora yerdan oltin mevazor yaratgan komil dehqonning limonzoriga kirar ekansan , bearmon hosil bergan limon daraxtlari buncha mevani sinib ketmay ko‘tarib, dol turganiga hayratda qolasan.

Tomorqasining qolgan qismi ham kattagina bog‘ bo‘lib, unda 30-40 tup anjir, uzum kabi mevali daraxtlar ekilgan. Q.Fayzanov odmigina hovlisining o‘zidan yurt bozoriga tonna-tonna meva chiqaradi.

- 7 yoshimdan boshlab toshga ishlov berishni o‘rgandim va shu hunarim orqali birovdan kam bo‘lmay yashadik. Keyin birdan bog‘dorchilikka ishqim tushdi. O‘z qo‘lim bilan tomorqamga issiqxona qurib, limonariya tashkil qildim. «Toshkent» navli limonlarimizning voyaga yetib, mevaga kirishini 8 yil kutdim. Har haftada bir marta limonlarimga ishlov beraman, bu besh soatni tashkil qiladi. Men limon o‘simligining hosildorligini oshirishda Xitoyni ortda qoldirishim kerak, - dedi namunali tomorqachi Q. Fayzanov.

Darhaqiqat, hovlida o‘sgan ulkan oqbaliq tut ostidagi katta marmar chorpoya uning qo‘li gul sangtarosh bo‘lganini tasdiqlab turibdi.  Tomorqa madaniyatini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari miqdori va sifatini oshirishga katta hissa qo‘shayotgan piri dehqon — Q.Fayzanov O‘zLiDeP hududiy partiya tashkiloti tomonidan tadbirkorlar partiyasi ramzi tushirilgan esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.

M.Pirnafasova,

O‘zLiDeP Navoiy viloyat Kengashi jamoatchilik

bilan aloqalar va mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri

Teglar
Tomorqa
  • Ko'rildi
    252
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+