O’zbekiston-Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichi

31.01.2022, 16:36

O’zbekiston-Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichi

Biz O’zbekiston-Hindiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali  hamkorlik munosabatlari  oliy darajadagi  muntazam muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlarga muvofiq izchil rivojlanib borayotganini ijobiy baholaymiz. Bu yil davlatlarimiz ishonch va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan, yuqori yo‘nalishlarda rivojlanib borayotgan muvaffaqiyatli hamkorlikning 30 yilligini nishonlashmoqda.

2017 yildan boshlab hamkorligimiz oliy darajadagi siyosiy muloqotlarning jadalligi bilan tavsiflanadigan yangi sifat bosqichiga ko‘tarildi. Masalan, O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018  va  2019 yillarda Hindistonga ikki marotaba tashrif uyushtirdi. Bundan tashqari, ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida xalqaro tashkilotlar “maydonlari”da  uchrashuvlar  o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi. Davlatimiz rahbari ShHT ning Ostona va Sindao sammitlarida Hindiston Bosh vaziri bilan uchrashdi. Bu borada 2020 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan O’zbekiston-Hindiston virtual sammiti ikki tomonlama munosabatlarning zamonaviy paradigmasida o‘ziga xos ohangni belgilab beruvchi yana bir muhim voqea bo‘ldi.

Shuningdek, O’zbekiston va Hindiston strategik yaqinlashuvida tomonlarning xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha pozitsiyalarining o‘xshashligi ham muhim rol o‘ynaydi,  bu siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnologik, madaniy, gumanitar, sog‘liqni saqlash  sohalari bo‘yicha amaliy hamkorlikning keng ko‘lamli yo‘nalishlarida yaqinlashish imkonini beradi.

So‘nggi yillarda O’zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash qariyb 2 barobar ko‘paydi, qo‘shma korxonalar soni to‘rt yuztaga yetdi. Sanoat, infratuzilma va qurilish sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Andijon viloyati va Gujarat shtati o‘rtasidagi kooperatsiya muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.

Shu nuqtai nazardan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning videoanjuman shaklida o‘tgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” birinchi sammitidagi ishtiroki davlatlararo aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadamdir. Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi tashabbusi bilan tashkil etilgan oliy darajadagi uchrashuv kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirish, mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish hamda mintaqada  barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash  masalalari ko‘rib chiqildi.

Qayd etish joizki, sammitda savdo, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar, transport va logistika, madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida amaliy hamkorlikni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Sammit yakunida do‘stlik munosabatlarini va ustuvor yo‘nalishlarda uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan Dehli deklaratsiyasi qabul qilindi.

O’zbekiston Prezidenti o‘z nutqida uchrashuvning strategik sheriklikni mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikning uzoq muddatli  istiqbolga mo‘ljallangan yangi kun tartibini shakllantirishdagi ahamiyatini alohida qayd etdi.

Ekspertlar hamjamiyati Shavkat Mirziyoyevning  nutqida “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatidagi amaliy hamkorlikni ilgari surishning strategik ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, bu bora aniq takliflar bildirganiga keng e’tibor qaratdilar.

Xususan, birinchi ustuvor yo‘nalish sifatida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida faol hamkorlik qilish, Hindistonning ilg‘or tajribasi, bilim va texnologiyalarini joriy qilish orqali inson kapitalini rivojlantirish belgilab olindi.

Prezidentimiz yangi universitetlar va professional ta’lim markazlarini ochish, ilmiy va akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, innovatsion ishlanmalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etdi.

 Shuningdek, raqamli, moliyaviy va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish, kiberxavfsizlik va kadrlar tayyorlash borasida, shu jumladan mavjud platformalar negizida hamkorlik qilishning mintaqaviy dasturini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi.

Ikkinchi eng muhim strategik ustuvor yo‘nalish sifatida davlatimiz rahbari iqtisodiy sheriklikni kengaytirishni taklif etdi.

Shu bilan birga, tadbirkorlar va hududlar darajasidagi bevosita aloqalarni rag‘batlantirish, investitsiyalar va savdo sohasida yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash maqsadida “Hindiston – Markaziy Osiyo” ishbilarmonlar kengashi faoliyatiga jadal sur’at bag‘ishlash muhim ekani ta’kidlandi. O’zbekiston Prezidenti mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi transport aloqalari samaradorligini oshirish va zamonaviy infratuzilma yaratish masalalarining ustuvor ahamiyatini qayd etdi.

Madaniy-gumanitar soha uchinchi ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Muzeylararo hamkorlik, ko‘rgazma va anjumanlar tashkil etish, qo‘lyozma fondlarini raqamlashtirish va virtual kutubxona yaratish, umumiy tarixiy-arxeologik merosni tadqiq etishni nazarda tutadigan qo‘shma chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatga alohida to‘xtaldi. Ushbu mamlakatda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, gumanitar inqirozning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, yirik infratuzilma loyihalarini ilgari surishga ko‘maklashish choralarini ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.

Hindiston va O’zbekiston ushbu mamlakatda tinch iqtisodiyotni tiklashdan manfaatdor va bu zaminda ijtimoiy-iqtisodiy  barqarorlashtirishga katta hissa qo‘shishmoqda. O’zbekiston tomonidan transport va energetika sohasida «Xayraton - Mozori-Sharif», «Surxon - Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasi kabi loyihalar, Hindiston tomonidan «Zarandj - Dilorom», «Spin-Buldak - Qandahor» va «Qandahor - Qobul» avtomagistral yo‘llari, Salma va Shoxtut to‘g‘onlarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Tomonlarning bu kabi sa’y-harakatlari Afg‘oniston iqtisodiyotini  tiklash va  afg‘on  zaminida  uzoq muddatli tinchlikni o‘rnatishda muhim hissa bo‘lishi shubhasiz.  Zero, aynan Afg‘oniston hududi  Janubiy va Markaziy Osiyo  o‘rtasida  mutlaqo yangi  transport-tranzit  yo‘lagini qurish imkoniyatini taqdim etgan holda, O’zbekiston va Hindistonni birlashtiruvchi  yerusti ko‘prigi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Bundan tashqari, O’zbekiston Mozori - Sharif - Qobul - Peshavor transafg‘on temir yo‘li loyihasini ham ilgari surmoqda. Bu kelajakda   Hindiston transport-kommunikatsiya  tizimlari bilan bog‘lanishi, Janubiy va Markaziy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashi, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik hamda ikki mintaqa barqaror rivojlanishining muhim omiliga aylanishi mumkin.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlaymizki, bunday tadbirlar Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni amalga oshirishda zarur bo‘lgan qator ustuvor  yo‘nalishlarda  mavjud salohiyatdan foydalanishga xizmat qiladi. Masalan, bizningcha bu mamlakatimizga nisbatan, O’zbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasi o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda Investitsiyalarni  rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish va imzolashdan iborat. Shuningdek, yangi istiqbolli investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkorlari o‘rtasida savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish, iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha kompleks dasturlarni tayyorlash ishlarini faollashtirish ham muhim ahamiyatga ega. 

Aktam Xaitov

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi.

  • Ko'rildi
    272
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+