Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda deputatlarimizdan faollik talab qilinadi

01.02.2022, 16:14

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda deputatlarimizdan faollik talab qilinadi

Prezidentimiz tomonidan “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmonda yaqin kelajakda Yangi O’zbekistonni jahon maydonida munosib obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan, har tomonlama obod va farovon, tinch va osoyishta mamlakatga aylantirishni maqsad qilgan mazkur  dasturiy hujjatda yaqin va o‘rta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish tendensiyalari qanday bo‘lishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan.  “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosida islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Farmon bilan tasdiqlangan joriy yilgi “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” bo‘yicha davlat dasturi ham yangi strategiyadan kelib chiqib tayyorlangan.

“Faqat barqaror iqtisodiyotgina ijtimoiy muammolarni hal etish imkonini beradi”, deb ta’kidladi Prezidentimiz O’zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida.  Darhaqiqat, shunday. O’z oldimizga qo‘yayotgan ulkan, keng qamrovli vazifalarni kuchli, zamonaviy iqtisodiyotga tayangan holdagina amalga oshirishimiz mumkin.

Taraqqiyot strategiyasining uchinchi yo‘nalishida iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks va jadal rivojlantirish, zamonaviy ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar belgilangan.  

Jumladan, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish mo‘ljallanyapti. Tan olishimiz kerak, sohada hali-hanuz ayrim muammolar, tadbirkorlik rivojiga xalal berayotgan g‘ovlar saqlanib qolyapti. Tadbirkorlikni rivojlantirishni o‘zining asosiy maqsadlaridan biri sifatida e’lon qilgan partiyamiz muammolar hal qilinishiga, belgilangan yangi vazifalar bajarilishiga aniq chora-tadbirlar vositasida ko‘maklashadi.

Strategiyada raqamli iqtisodiyotni “drayver” sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 barobar oshirishga qaratilgan ishlarni olib borish, dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 5 barobar, ularning eksportini esa 10 barobar oshirish maqsadi ham belgilandi.

O’ylaymanki, bu ishlarning qanchalik katta ahamiyatga egaligini hisobga olgan holda  partiyamiz bu yo‘nalishda ham muayyan vazifalarni bajarishni o‘z zimmasiga olishi kerak.

Umuman olganda, taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda partiyamiz faollari va deputatlik korpusimiz vakillari o‘z hissalarini qo‘shishadi, bu yo‘lda bor kuch va imkoniyatlarini safarbar qiladi.

Aminboy Rustamov,

O’zLiDeP Toshkent shahar Kengashi

Siyosiy ta’lim va deputatlik guruhlari bilan ishlash

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    434
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+