Yurtdoshlarimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettirilmoqda

01.02.2022, 16:25

Yurtdoshlarimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettirilmoqda

Keyingi yillarda yurtimizda ijtimoiy sohada misli ko‘rilmagan ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Yurtimiz tarixida bunday keng ko‘lamli ishlar ilgari hech qachon bo‘lmagan. Eng muhimi, halol, mehnatkash, el-yurtini sevadigan barcha fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuni kecha  yoshlar, sport, sog‘liqni saqlash, elektr energiyasi sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

28 yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sportni ommalashtirish bo‘yicha qator ko‘rsatmalar bergan edi. Taqdimotdagi loyihalar shuning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Joylarda sport maskanlari va kutubxonalar barpo etish bo‘yicha 3 xil tipdagi loyiha taklifi ishlab chiqilgan.

Davlatimiz rahbari bu loyihalarni ma’qullamay, qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Loyihalarni takomillashtirish, mahalla markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun tadbirkorlarga imtiyoz beriladi va evaziga ijtimoiy mas’uliyat yuklanadi. Kunning ma’lum soatlari mahalla yoshlari uchun tekinga ajratiladi.  Egasi bo‘lgani uchun tadbirkor ham daromad topadi, majmua ham qarovsiz qolmaydi.

Ishning ana shunday oqilona yo‘lga qo‘yilishi  tufayli turli masalalarga yechim topiladi, majmualarning uzluksiz va samarali ishlashidan hamma manfaatdor bo‘ladi.

Shuningdek, taqdimotda maktablar qamrovini oshirishga oid loyihalar ko‘rib chiqildi. Onkologiya tibbiyot markazi bunyod etilishi bo‘yicha ma’lumot berildi. Bundan tashqari,  elektr energiyasi quvvatlarini kengaytirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari mazkur masalalar yuzasidan ham mutasaddilarga topshiriqlar berdi.  

Muxtasar aytganda, “Odamlar ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishni istaydi” degan ezgu fikr, qizg‘in da’vat hayotimizda amaliy tasdig‘ini topmoqda.

 Sevara Muslimova,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    163
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+