Mamlakatimizda xizmatlar sohasi yangi bosqichga ko‘tariladi

03.02.2022, 17:08

Mamlakatimizda xizmatlar sohasi yangi bosqichga ko‘tariladi

Qaysi mamlakatda xizmatlar sohasi izchil rivojlangan bo‘lsa, o‘sha joyda taraqqiyot va yuksalish bo‘ladi. Buni biz mamlakatimizda keyingi besh yillikda bu sohada qo‘lga kiritilayotgan natijalar misolida kuzatdik. Mana birgina misol: 2021 yilda mamlakatimizda xizmatlar ko‘rsatish hajmi qariyb 20 foizga o‘sdi. Ammo bu hali barcha tarmoqlar xizmatlar bilan qamrab olindi, degani emas. Chunki xalq farovonligi yuksalgani sayin xizmatlar sohasiga ehtiyoj ham ortib boraveradi.

Preziyedntimizning shu yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham mamlakatimizda bu sohani izchil rivojlantirish va xalqaro darajaga ko‘tarish maqsadida qabul qilindi. Qarorda xizmatlar sohasini rivojlantirishga yangicha yondashuvlarni joriy etish orqali bozor xizmatlari hajmini 2022 yilda 1,5 baravarga oshirish hamda qo‘shimcha 1,5 million yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlab o‘tilgan. Demak shuncha imkoniyatlar bor ekan, undan foydalanishimiz uchun nimalarga ahamiyat qaratishimiz lozim?

Qarorda bu masalalarga katta e’tibor qaratilgan. Xususan,  har bir tuman va shaharlarda budjet mablag‘lari hisobiga 2021-2022 yillarda shaharsozlik loyihalari asosida mukammal ta’mirlangan, tashqi yoritish, sug‘orish va drenaj tizimlari modernizatsiya qilingan, piyoda va velosiped yo‘laklari qurilgan hamda aholi gavjum bo‘lgan ko‘chalarni savdo, xizmat ko‘rsatish, sayilgoh va ko‘ngilochar ko‘chalarga aylantirish, raqamli xizmatlar ulushini bosqichma-bosqich oshirish uchun zarur infratuzilma bilan ta’minlash va sifatli aloqa va internet xizmatlari qamrovini, shuningdek, “Elektron hukumat” tizimi xizmatlaridan foydalanish ko‘lamini keskin kengaytirish belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, qarorda Toshkent, Nukus shaharlari, viloyatlar markazlari hamda boshqa shaharlarda ko‘pi bilan har 3-5 ta mahalla uchun aholi gavjum bo‘lgan ko‘chani obodonlashtirib, piyodalar yo‘lakchalarini kengaytirish va ularni yoritish orqali mahallalararo savdo-xizmat ko‘chasini tashkil etish qayd etilgan.

Bundan tashqari sanoat va xizmatlar sohasi yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotgan tumanlarda – savdo, mehmonxona, ovqatlanish va logistika xizmatlarini, shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar maskanlarni tashkil etishga ustuvorlik berish, tog‘li, tog‘oldi, rekreatsion turizm salohiyati yuqori tumanlarda – avtomobil yo‘llari, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minoti hamda boshqa infratuzilmani yaxshilash va tayyor loyihalar asosida turizm xizmatlarini rivojlantirish, chegara hududlarda joylashgan hamda hududidan xalqaro avtomagistral va temir yo‘llar o‘tgan tumanlarni – savdo, turizm, logistika hamda yo‘l bo‘yi xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashtirish belgilab qo‘yilgan.

Ko‘rinib turibdiki, xizmatlar sohasini yanada jadal rivojlantirish uchun qo‘shimcha yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Endilikda undan foydalangan holda nafaqat iqtisodiyotimiz uchun balki ijtimoiy, ma’naviy va madaniy soha rivoji uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan bu sohani rivojlantirish uchun har bir kishi bel bog‘lashi lozim.

Barno Mirzamova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    215
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+