Bobotog‘da tomorqa xizmati yo‘lga qo‘yiladi

07.02.2022, 11:06

Bobotog‘da tomorqa xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Bobotog‘ hududini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturida salohiyatli tadbirkorlarga Bobotog‘ hududida qayta foydalanishga kiritiladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlari biriktirib berilishi hamda sabzavot-polizchilik, mevali bog‘ va uzumchilik, chorvachilik yo‘nalishidagi klasterlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi qayd etilgan.

Hududda tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish harakatiga kirishgan ana shunday tadbirkorlar ham yo‘q emas. O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Qonunchilik Palatasi Spikeri o‘rinbosari, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Xaitov “Bobotog‘” mahallasidagi tomorqadan unumli foydalanib kelayotgan tadbirkorlar  Normurod Berdiyev va Abdurasul Shamatovlarning xonadonida bo‘ldi.

—  Shu yerda yashovchi aholi uchun tomorqa xizmatini yo‘lga qo‘yish niyatidaman, — deydi Abdurasul Shamatov. — Asosan, aholiga ko‘chat yetkazib berish, uni parvarishlash, yaxshi hosil olish uchun zarur bo‘ladigan o‘g‘it va boshqa vositalar, xususan, qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib berish bilan shug‘ullanmoqchiman. Bu taklifimni aytgandim, menga buning uchun 300 million so‘m bankdan imtiyozli kredit ajratilishida ko‘maklashadigan bo‘ldi. Qolaversa, parrandachilikni yo‘lga qo‘yish uchun esa bir hafta ichida ikkita inkubator ham beriladi.

Tog‘li hududning Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh  "Oqmachit", "Tolto‘g‘ay", "Bobotog‘" va "Yangiobod" mahallaridagi fermer va tadbirkorlar bilan ham suhbatlashildi. Uchrashuvda tomorqadan unumli foydalanish, bog‘dorchilikni rivojlantirish, fermerlikni kengaytirish va bularga kredit ajratish choralari yuzasidan faollarning takliflari o‘rganildi. Xususan,  fermerlikni rivojlantirish uchun 50 ming dona tok ko‘chatlari yetkazib berilishiga hamda tadbirkor Jasur Safarovga 200 tonnalik muzlatgich omborini qurish uchun kredit ajratilishida amaliy yordam berishga kelishib olindi.

  • Ko'rildi
    317
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+