Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda yangiliklar joriy etiladi

07.02.2022, 11:53

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishda yangiliklar joriy etiladi

Mamlakatimizda keyingi yillarda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, yuzlab uy-joylar, yirik sanoat korxonalari, madaniyat va sport maskanlari, yo‘lu ko‘priklar barpo etilmoqda. Uy-joylarga muhtoj bo‘lgan aholini turar-joy bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlarni yaratish, urbanizatsiya orqali yashil shaharlarni barpo etish ishlari davlatimiz iqtisodiyotiga o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Shu bilan birga uy-joylar fondi oshgan sari ko‘p kvartirali boshqaruv tizimida yechilmagan masalalar bilan bigalikda qo‘shimcha muammolar vujudga kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu qonun loyihasi dastlab siyosiy partiyalarning parlament quyi palatsidagi fraksiyalarida atroflicha ko‘rib chiqilib, maromiga yetkazildi.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida mazkur hujjat birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Ta’kidlash joiz, Uy joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan so‘nggi to‘rt yil davomida ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlab turish va ulardan foydalanish sohasida 37 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uylardan foydalanishning texnik xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini o‘rganib chiqish natijalari bo‘yicha 61 677 ta holatda ko‘chmas mulk egalari tomonidan uy-joy fondi va unga tutash hududlarda o‘zboshimchalik bilan qurilmalar barpo etilganligi aniqlanib, ushbu holatlar yuzasidan ko‘chmas mulk egalariga noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berilgan.

Bugungi kunda amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda inspeksiyaga aniqlangan noqonuniy qurilmalarni faqat majburiy ko‘rsatma berish yoki sudlar orqali bartaraf etish huquqi berilgan. Biroq, o‘zboshimchalik bilan barpo etilgan noqonuniy qurilmalarni majburiy tartibda bartaraf etishga oid sudlarga arizalar taqdim etishda oldindan davlat boji to‘lovidan ozod etilmaganligi bois ushbu mazmundagi materiallarni sudlarga taqdim etishda birmuncha qiyinchiliklarga duch kelinmoqda.

Qonun loyihasi bilan inspeksiyasini ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlab turish va ulardan foydalanish sohasi doirasidagi sudlarga kiritilayotgan da’vo arizalari bo‘yicha davlat bojini to‘lashdan ozod qilish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalari boshliqlariga, huquqbuzarlik faktiga e’tiroz bildirilgan hollarda ishni ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda, ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlab turish va ulardan foydalanish sohasiga oid ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilyapti.

Ko‘p kvartirali uy-joylardagi tayanch va to‘siq konstruksiyalarini uy-joy fondidan texnik foydalanish qoidalari va normalarini buzgan holda o‘zgartirish, shu jumladan ko‘p kvartirali uy-joylarda va ularga tutash hududlarda o‘zboshimchalik bilan qo‘shimcha qurilmalar qurganligi uchun qo‘llaniladigan jarimalar miqdori oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qonun loyihasi bilan turar joyni noturar joyga o‘zgartirmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, turar joyni yuridik shaxsning manzili sifatida belgilash mazkur turar joyning mulkdorlariga yoki ularning roziligi bilan ushbu turar joyda qonuniy asoslarida istiqomat qiluvchi fuqarolarga ruxsat etish belgilanmoqda.

Qonun loyihasi bilan ko‘p kvartirali uylar konstruksiyalarini saqlash, zilzilabardoshligini va havfsizligini ta’minlash maqsadida Uy-joy fondi inspeksiyasiga ko‘p-kvartirali uylarni boshqarish qoidalarni hamda tayanch va tusiq konstruksiyalarini buzgan, ularga tutashgan hududlarda o‘zboshimchalik bilan qo‘shimcha qurilmalar qurgan shaxslarga nisbatan huquqbuzarliklarini ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, qonun loyihasining qabul qilinishi, ko‘chmas mulk egalarining uy-joy fondlarini saqlash va undan oqilona foydalanish borasida shaxsiy mas’uliyatini oshirishga, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimida raqobat muhiti yaratilishiga hamda aholiga samarali xizmatlar ko‘rsatishning yangi bosqichlarini amaliyotga tatbiq etish orqali bugungi kunda uy-joy fondlarini saqlash borasida ko‘chmas mulk egalari tomonidan bildirilayotgan ko‘plab e’tirozlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Vaxobjon MURATQOBILOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi,

O'zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    396
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+