Qonunchilik palatasi deputati yoshlar yetakchilari bilan muloqot qildi

07.02.2022, 14:58

Qonunchilik palatasi deputati yoshlar yetakchilari bilan  muloqot qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Pak Viktor Nikolayevich Nurafshon shahridagi “Yoshlar markazi”da mahallalarda faoliyat boshlagan yoshlar yetakchilari bilan uchrashdi.

O’zaro muloqot ruhida kechgan uchrashuvda deputat Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilinishi bilan har bir mahallada joriy etilgan mazkur lavozim yoshlar yetakchilari zimmasiga ulkan vazifalar yuklashini alohida qayd etdi.

Davlat va yoshlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tovchi mazkur institut ishga tushishi bilan yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ish tashkil qilish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkillashtirish, ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash,  huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilishi kutilayotganini ta’kidladi.

Yoshlarning irodasini yuzaga chiqarishda ularga kamarbasta bo‘lishini, har doim, har qanday vaziyatda tinglashga, amaliy ko‘mak berishga tayyorligini bildirarkan, o‘z tengdoshlari muammolari va taqdiriga befarq bo‘lmasdan faol bo‘lishga chorladi.

Yoshlarni o‘z g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ish bilan bandlik borasida o‘zlarini qiynayotgan muammo va murojaatlarini o‘zining vakolatli yordamchisi Davronbek Kamoliddinov orqali ham yetkazishlari mumkinligini bildirdi.

Partiya yoshlarning ta’lim olishi, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashi, kundalik hayotda bilim va texnologiyalardan oqilona va samarali foydalanishi uchun, shuningdek, yigit va qizlarning professional, ijodiy va xizmat pog‘onalaridan o‘sishi, o‘z bizneslarini tashkil etishi uchun barcha imkoniyatlarni, eng qulay shart-sharoitlarni yaratib berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygani va amalga oshirayotgani haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuv so‘nggida yoshlar o‘zlarining ish bilan bandlik, tadbirkorlik va biznes boshlashda o‘zlarini qiynab kelayotgan muammo, taklif va mulohazalarini bildirib, bevosita muhokama qilish iimkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu borada o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javoblar olishdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    227
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+