Talabalarni turar-joy bilan ta’minlash kechiktirib bo‘lmaydigan masala

08.02.2022, 10:40

Talabalarni turar-joy bilan ta’minlash kechiktirib bo‘lmaydigan masala

Barchamizga ma’lumki, O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi Vatanimiz kuch-qudratini oshirish, yurtimizni yanada obod etish, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yaxshilash borasida o‘ziga xos muhim ahamiyat kasb etdi.

Mustaqil O’zbekistonni dunyoga yangi jihatdan tanitgan, odamlarga katta ishonch bag‘ishlagan so‘nggi besh yil Vatanimiz tarixiga zarhal harflar bilan yozilishi shubhasiz. Chunki bu yillar davomida yurtimizda dunyo e’tirofiga sazovor bo‘lgan yutuqlar qo‘lga kiritildi. «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan g‘oya asosida xalq bilan yaqindan muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, hayotiy muammolarini samarali hal etish bo‘yicha yangi tizim yaratildi.

Yurtboshimiz tomonidan imzolangan “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni esa mamlakatimizda amalga oshiriladigan olamshumul islohotlar qo‘yilgan tamal toshi bo‘ldi.

Ushbu farmon barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan islohotlarga yanada ko‘lam va sur’at baxsh etajak. Eng muhimi, bunday yangilanishlar yurdoshlarimizning dunyoqarashi, ongu tafakkuri, hayotga munosabatini tubdan o‘zgartiryapti. Taraqqiyot strategiyasida belgilangan 7 ta ustuvor yo‘nalish hamda 100 ta maqsadlar “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgani bilan yanada ahamiyat kasb etadi.

Xususan, birgina yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan kamida 80 foizga yetkazish, 2022 yilda yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 38 foizga yetkazish belgilandi.

Har gal yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida talabalar uchun yotoqxona masalasini hal etish dolzarb masala hisoblanadi. Negaki, oliy ta’lim muassasalarida ijara xonadonlarida yashayotgan talabalar bilan ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmagan va bu borada muammolar ko‘p.

Poytaxtimizda joylashgan ko‘p sonli talabalar turar joylarida o‘rinlarning yetishmovchiligi sababli ijara xonadonlarida yashayotgan talabalar muammolarga uchramoqda. Achinarli tomoni, ular bilan ishlash tizimi hamon oqsoqlanmoqda.

Bugun viloyatdan kelib, Toshkent shahrida tahsil olayotgan talabalar bilan suhbatlashganizda ko‘pchiligi ijara xonadonida yashashini, ijara xonadoni narxlarining yuqoriligi, ijara xonadonining OTMlardan uzoq manzilda joylashganligi aytadi. Shu jihatdan bugun talabalarni turar-joy bilan ta’minlash kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masala hisoblanadi.

Taraqqiyot strategiyasida birgina 2022 yil 18800 o‘rinli 47 ta talabalar turar joylarini barpo etilishi belgilandi. Bu esa talabalarga katta imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz.

Bir so‘z bilan aytganda, barcha islohotlar va ulug‘vor rejalar mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarni erta va uzoq kelajakda emas, balki bugun hayotdan rozi bo‘lib yashashlariga erishishga xizmat qilajak!

Bahrom Rahmonaliyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    241
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+