Taraqqiyot strategiyasi: Mamlakatimizda qulay biznes va investitsion muhitni shakllantirish masalasi muhokama qilindi

09.02.2022, 18:19

Taraqqiyot strategiyasi: Mamlakatimizda qulay biznes va investitsion muhitni shakllantirish masalasi muhokama qilindi

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida O’zLiDePning “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, uni amalga oshirish borasida partiyaning ishchi guruh a’zolari shakllantirilgan edi.

Bugun O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va bir qator vazirlik, tashkilotlar, partiya faollari ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatida Davlat dasturida belgilab berilgan mamlakatimizning investitsion muhitini yanada yaxshilash, eksport salohiyatini oshirish yo‘nalishida amalga oshiriladigan ishlar hamda partiya deputatlik korpusi va joylardagi Kengashlari oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama markazida bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda qulay biznes va investitsion muhitni shakllantirish masalasiga ham partiya jiddiy yondashyapti. Bu borada  amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, qonunchilikning amaliyotga tatbiqi ustidan kuchli parlament va deputatlik nazoratini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda markazda va joylarda qulay biznes va investitsion muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar monitoringini tashkil etish, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.

Kelgusi besh yilda 120 mlrd dollar, jumladan 70 mlrd dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish mamlakatimiz iqtisodiyoti, xususan, xususiy sektorni yanada rivojlantirishga katta ijobiy turtki beradi. Partiya o‘z g‘oya va maqsadlariga hamohang ushbu vazifa bajarilishi bo‘yicha ham tizimli ish olib boradi. Bu borada Qonunchilik paltasidagi O’zLiDeP fraksiyasi va mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari har bir viloyatda loyihalarni moliyalashtirish uchun To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi ishtirokidagi “Xolding kompaniya” tashkil etiladi va uning faoliyati bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi. Shuningdek Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi va mahalliy Kengashlardagi deputatlik korpusi vakillari tomonidan investitsiyalar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida yagona Investitsiya kodeksini ishlab chiqish bo‘yicha aniq va asosli takliflar ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari Biznes-ombudsman bilan hamkorlikda  Investitsiyaviy ombudsman instituti tashkil etiladi, xorijiy sarmoyadorlar uchun tayyor investitsion paketlarning elektron bazasini shakllantirish va taqdim etish tizimi yanada takomillashtiriladi. Eng samarador tadbirlardan biri shuki, partiya tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda har bir hudud kesimida va ularning xususiyatlarini inobatga olgan holda investitsiyalarni jalb qilishga to‘siq bo‘layotgan omillarni aniqlash bo‘yicha deputatlik nazoratini yo‘lga qo‘yadi hamda nazorat-tahlil natijalari asosida tegishli qonunchilikni takomillashtirish borasida takliflarni ishlab chiqib, parlament muhokamasiga kiritadi.

Bir qator mas’ul vazirliklar, tadbirkorlar va ishbilarmonlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda qator takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi, shuningdek ushbu yo‘nalishda belgilab olingan vazifalarni ijrosini ta’minlashda, hamkorlikda ishlashga kelishib olindi. 

O’zLiDeP matbuot xizmati

 

  • Ko'rildi
    396
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+