Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash eng muhim masaladir

10.02.2022, 12:27

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash eng muhim masaladir

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi va uni ijrosini ta’minlash bo‘yicha farmon qabul qilindi.

O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va deputatlarimiz ham o‘z oldiga aniq maqsadlarni qo‘ygan holda o‘zining uzoq muddatli chora-tadbirlar rejasi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqdi.

Taraqqiyot strategiyasi asosida ishlab chiqilgan Partiyamizning Yo‘l xaritasida barcha sohalar qatori Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash masalasida alohida vazifalarni belgilab oldik.

Haqiqatdan ham ijtimoiy sohani amalga oshirishda ya’ni xotin-qizlar masalasi eng muhim yo‘nalishlardan biri deb o‘ylayman.

Ushbu vazifalarni partiyamiz va deputatlarimizdan tarkib topgan ishchi guruhimizni shakllantirib, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni sidqidildan bajarishga astoydil kirishdik.

Bu borada biz nimalarga e’tibor qaratamiz. Oldimizda qanday ezgu maqsadlar turibdi?

Birinchidan, jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi. Bu borada respublikamizning barcha hududlarida turli seminarlar, ochiq muloqotlar tashkil qilishni maqsad qilganmiz. Ayniqsa, qonunchilikni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratamiz.

Ikkinchidan, xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirishga alohida e’tibor qaratamiz. Partiyamiz Ayollar qanoti tomonidan joylarda, ayniqsa eng chekka qishloqlarda “Ishbilarmon ayol”, “Bugunning tadbirkor ayoli”, “Mening biznes g‘oyam”, “Eng namunali tomorqachi”, “Bir deputat yuz ayolga ko‘makchi” kabi bir qator partiyaviy loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu orqali biz uyda o‘tirgan ishsiz xotin-qizlarni turli kasb-hunarlarga o‘rgatib, ham ishli qilish, ham tadbirkorligini boshlashishi, ham o‘zi boshqalarni bandligini ta’minlashga erishiladi.

Uchinchidan, hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish ham asosiy vazifalarimizdan sanaladi. Bu yo‘lda partiyamizning “Sog‘lom oiladan - mustahkam oilaga” loyihasi doirasida turli tadbirlar, ehtiyojmand oilalar va xotin-qizlar uchun bepul tibbiy ko‘riklar tashkil qilish rejalashtirilgan.

To‘rtinchidan, turar joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash, turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, daromadlarini ko‘paytirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirishga e’tibor qaratamiz. Bu borada gap ketganda, Biz ko‘p hududlarda bo‘lganimizda shu masalada aholidan ko‘plab murojaatlar bildirishadi. Haqiqatdan ham ehtiyojmand oilalar va xotin-qizlarimizga tegishli hokimliklar orqali uy-joy masalasini yechib berish, imtiyozlardan foydalanishda shaffoflikni ta’minlash bizning asosiy vazifamiz bo‘lib qolishi kerak. Hozirda uyda o‘tirgan xotin-qizlarimiz uchun o‘z tmorqalaridan samarali foydalanishda keng imkoniyatlar yaratib berilyapti. Bu borada ham biz ko‘proq targ‘ibot va tushuntirish ishlarini olib borishimiz, bu orqali ularni bandligini ta’minlashga e’tibor qaratamiz.

Beshinchidan, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatish, ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash masalasida ham jiddiy bosh qotirishimiz kerak. Mahallalarda uyma-uy yurganimizda shunday og‘ir sharoitda yashayotgan va tushkunlikka tushib qolgan xotin-qizlarimiz bilan psixoliglarni jalb qilgan holda muammosini yechish va hayotga qaytarish borasida amaliy ishlarni olib boramiz.

Bundan tashqari biz "Ayollar daftari" bilan manzilli ishlash, mutasaddi tashkilotlar tomonidan xotin-qizlarning muammolarini o‘z vaqtida bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga ham e’tibor qaratamiz.  

Barchamizning maqsadimiz bitta, u ham bo‘lsa xalqimiz bugun o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashi, xotin-qizlarimiz baxtli va farovon turmush kechirishi, oilasida tinchlik va totuvlik bo‘lishligi uchun harakatdamiz.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi,

Ishchi guruh rahbari

  • Ko'rildi
    821
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+