Deputatlar Yangiqo‘rg‘onda “Obod mahalla” dasturi ijrosi doirasida yo‘l qo‘yilgan kamchilik va muammolarga to‘xtaldi

11.02.2022, 17:16

Deputatlar Yangiqo‘rg‘onda “Obod mahalla” dasturi ijrosi doirasida yo‘l qo‘yilgan kamchilik va muammolarga to‘xtaldi

Xalq deputatlari Yangiqo‘rg‘on tuman Kengashidagi O`zLiDeP  deputatlik guruhining yig‘ilishida Yangi O’zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida  belgilangan maqsadlar ijrosini ta’minlashda deputatlik guruhi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama etildi.

Ayniqsa, strategiyaning uchinchi ustuvor yo‘nalishi–milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘alchilikni qisqartirish bo‘yicha mahallalarda amalga oshiriladigan ishlarni deputatlik guruhi yig‘ilishlarida ko‘rib borish, ularda bank, soliq va boshqa mutasaddi iqtisodiy idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitib borish, doimiy komissiyaga va sessiyalarga  masalalar kiritishga kelishib olindi.

Yig‘ilishda, shuningdek, tumanda yakunlangan yilda “Obod mahalla” dasturi  ijrosi va joriy yilga rejalashtirilgan ishlar  yuzasidan tuman hokimining qurilish va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Murodjon Sotiboldiyevning hisoboti ham eshitildi.

 Ta’kidlandiki, tumanning Mamay va Olmazor mahallalarida “Obod mahalla” dasturi asosida  belgilangan barcha qurilish va obodonlashtirish ishlari bajarildi, aholi bundan mamnun bo‘lmoqda. Joriy yilda esa   Gaiston va  Birlik mahallalari  “Obod mahalla” dasturiga kiritilgani, bu bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.  

Deputatlik guruhi a’zolari dastur ijrosida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchilik va muammolar haqida to‘xtalib, joriy yilda bu kabi kamchiliklarning oldini olish yuzasidan taklif-mulohazalarini bildirdi. 

Yig‘ilishda deputatlik guruhining joriy yil birinchi choragidagi vazifalari belgilab olindi.

O`zLiDeP Namangan viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    219
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+