Marg‘ilonda yangi kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda

01.03.2018, 09:39

Marg‘ilonda yangi kichik sanoat zonalari tashkil etilmoqda

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Farg‘ona viloyati kengashi tomonidan mahalliy Kengashlardagi partiya deputatlik guruhlari ishtirokida turli tadbirlar, deputatlik eshituvlari tashkil etilmoqda. 

Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar kengashidagi partiya deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 25 avgustdagi “Farg‘ona viloyatida joylashgan ishlamay turgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash, shuningdek, davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi muhokama etildi. 

Bugungi kunda bo‘sh turgan va kam quvvatli korxonalar faoliyatini tiklash, davlat mulki ob’ektlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ular negizida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish orqali aholini ish bilan ta’minlash muhim masalalardan sanaladi. Marg‘ilon shahrida ham mazkur yo‘nalishda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan bo‘lib, bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Qaror asosida sobiq “Qishloq qurilish bazasi” va “Ulgurji savdo bazasi”da yangi kichik sanoat zonalari tashkil etish belgilangan. 

Qurilishi tugallanmagan ob’ektlar va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini xatlovdan o‘tkazish hamda aniqlash bo‘yicha idoralararo komissiyasi tomonidan shahardagi 400 dan ortiq ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi. Shundan 43 ob’ekt bo‘sh turgan ishlab chiqarish maydonlariga ega ekanligi, 36 ob’ekt esa buzilganligi aniqlandi. Bugungi kunda investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan tarmoq jadvallari tasdiqlangan bo‘lib, amaliy ishlar olib borilmoqda. Yig‘ilishda mas’ul tashkilot rahbarlarining bu borada amalga oshirilayotgan ishlarining hisoboti eshitildi. Tadbirkorlarning loyihalarni amalga oshirishdagi muammolariga alohida e’tibor qaratildi. 

Farg‘ona viloyatida ishlamay turgan va kam quvvatli korxonalar, bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan davlat mulki ob’ektlari hamda yer uchastkalaridan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ijrosini bajarishda shaxsiy mas’uliyatni oshirishga kelishib olindi. 

O‘zLiDePning Facebook va Instagramdagi rasmiy sahifasi hamda Telegramdagi kanaliga a’zo bo‘lib, so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘ling!

  • Ko'rildi
    1485
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+