Shahrisabzning Oqdaryo mahallasida hokim yordamchilari, fermerlar va tomorqachilar ishtirokida seminar tashkil qilindi

14.02.2022, 14:09

Shahrisabzning Oqdaryo mahallasida hokim yordamchilari, fermerlar va tomorqachilar ishtirokida seminar tashkil qilindi

Shahrisabz tumanidagi “Oqdaryo” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi qishloqlar aholisi asosan pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon va boshqa ekin ko‘chatlarini yetishtirishda nafaqat tumanda balki viloyatda ham mashhur tomorqachilardan sanalishadi. Ko‘chatning serhosil va ertapishar navlarini yetishtirishda o‘ziga xos tajriba yaratgan bu mahalla tomorqachilari faoliyatini keng targ‘ib qilish maqsadida amaliy seminar tashkil etildi.

Tadbir doirasida tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mahallalardagi hokim yordamchilari, fermer va dehqon xo‘jaligi rahbarlari hamda tomorqachilar ko‘chatchilikda Oqdaryo mahallasi tajribasini o‘rganishdi. Mazkur tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O'zLiDeP fraksiyasi rahbari, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Xaitov  ishtirok etib, hovlisini yashnatib qo‘ygan va tomorqasini daromad manbaiga aylantirgan fuqarolarga o‘z tashakkurini bildirdi.

Namunali tomorqachi Mahmadali Po‘latov 6 sotix issiqxonada pomidor, bulg‘or qalampirining serhosil va ertapishar navini yetishtirishda nom qozongan. Rafiqasi Nasiba Abdiyeva bilan tinim bilmay mehnat qilishadi va rohatini ko‘rishmoqda.

-50 ming tup bulg‘or qalampiri va 20 ming tup pomidor ko‘chatini yetishtiramiz,- deydi M. Po‘latov.- Ko‘chatlarimizga viloyatdagi ko‘plab tumanlardan xaridorlar bor. Yupqa po‘choq, serhosil navlarni topib ekamiz, shuning uchun ham xaridorlarimiz ko‘p. Yer ostiga yarim metr qalinlikda nuri solib, ustiga tuproq to‘kib, ko‘chat ekamiz. Buning samarasi shuki, yer issiq bo‘ladi. “Duga” qilib, ko‘chat ustini yopamiz, issiqxonaning o‘ziniyam ikki qavat plyonka bilan berkitamiz. Ana shu tajribani tomorqachilar qo‘llasa, yaxshi va durkun ko‘chat yetishtirishadi. Aytmoqchi, har yili kamida 50 mln so‘m daromad qilayapmiz. Shu hisobdan uy-joyni yaxshilab oldik, 4 farzandimni oliy ma’lumotli qildik, avtomobil xarid qildik.

A. Xaitov tomorqachilar, MFY raislari, mahalladagi hokim yordamchilari bilan suhbatlashar ekan, onlayn plotforma asosida kredit olish, bir mahallala bir turdagi mahsulot yetishtirish, artezian quduq qazishda subsidiya berish tartib-tamoyillari haqida tavsiyalar berdi.

Partiya yetakchisi ushbu mahallada mavjud muammolarni ham o‘rgandi va ularning yechimi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berildi.

Bu kabi samimiy suhbat, mahorat darslari va seminarlar Kitob va Yakkabog‘ tumanlarida ham o‘tkazildi.

O'zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    509
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+