Ayollarni himoyalash mexanizmi kuchaytirildi

16.02.2022, 15:31

Ayollarni  himoyalash mexanizmi kuchaytirildi

O'zLiDeP Sirdaryo viloyat kengashi Boyovut tuman tibbiyot birlashmasida ''Ajrimlar profilaktikasi va salbiy holatlarga moyillik-muammo, vazifa hamda ularning yechimi'' mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuni hamda O’zbekistan  Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ''Xotin-qizlar tazyiq va zo‘rovonlikdan himoya  qilish  tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida''gi qarori mazmun-mohiyati xotin-qizlar o‘rtasida keng targ‘ib qilindi.

Ayol zoti tabiatning nozik xilqati, deb ta’rif berilishi bejiz emas. Haqiqatan xotin-qizlar e’tibor va himoyaga doim ehtiyoj sezadi.

Hayot doim bir tekisda davom etmaydi. Ayrim hollarda xotin-qizlar turli shafqatsizliklarga ham duch keladi. Albatta, bunday hollarda ularning huquqlari umumiy huquqiy mezonlarga muvofiq himoya qilib kelingan.

Endilikda esa xotin-qizlarni himoyalash mexanizmini kuchaytirish maqsadida yangi “Xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi.

2021 yil 3 sentyabrdan kuchga kirgan mazkur qonun davlatimiz rahbarining 2019 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqildi.

Hayotda tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollar maxsus markazlarda, ishonch telefoni orqali bepul huquqiy maslahat oladi. Ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish, ichki ishlar organlariga himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilishga haqli. Himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda ularni bu haqda xabardor qilish, sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlik natijasida o‘ziga yetkazilgan moddiy hamda ma’naviy zararni qoplash talabi bilan sudga murojaat etishlari ham mumkin. Sudga murojaat etganida ular davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Qonun bilan davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi gender siyosati yuritiladi. Davlat dasturlari hamda strategiyalari ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilinishi ta’minlanadi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan fikr mulohazalar bildirildi.

O’zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    340
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+