Vazifalar — zalvorli, ijro ishtiyoqi — baland

18.02.2022, 12:02

Vazifalar — zalvorli, ijro ishtiyoqi — baland

Bugungi kunda mamlakatimizda deyarli har bir xonadonda bittadan mashina bor. Bu quvonarli holat, albatta. Lekin respublikamiz yo‘llarida transport vositalarining ko‘paygani, o‘ziga xos masalalarning yechimini talab etmoqda. Xususan, bu borada to‘planib qolgan bir qator muammo va kamchiliklar borki, bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Keyingi yillarda nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlarimizga olib boradigan yo‘llar qayta ta’mirlanib, transport vositalari ravon harakatlanishi uchun zarur qulayliklar yaratildi. Yurtdoshlarimizning manzillariga sog‘-salomat yetib borishlari uchun yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari tomonidan qator tizimli chora-tadbirlar ko‘rildi. Ammo shunga qaramay, yo‘l harakati xavfsizligi masalasi izdan chiqib ketgan.

Achinarli tomoni, keyingi yillarda avtomobil boshqaruviga o‘tirgan haydovchilar hushyorlikni unutib qo‘yishlari natijasida yo‘l-transport hodisalari ko‘payib ketmoqda. Har kuni yoki kunora mamlakatimizning qaysidir hududida dahshatli avtohalokat bo‘libdi, degan noxush xabarlarni eshitib qolamiz. Bu esa kimningdir baxtli hayotiga yakun yasashi, jismonan nogironlikka olib kelishi mumkin.

E’tibor bering, birgina 2021 yilning o‘zida mamlakatimizda 10 mingdan ziyod yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq inson jarohatlangan bo‘lsa, 2 ming 500 ga yaqin odam halok bo‘lgan. Yo‘llardagi falokatlarning 25 foizi yo‘l holati yomonligi va infratuzilmasi oqilona tashkil etilmagani oqibatida kelib chiqmoqda. Salbiy raqamlar kun sayin emas, soat sayin oshayotgani kishini o‘ylantiradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘l-transport hodisalari ko‘p sodir bo‘layotgan hududlar ko‘rsatib o‘tilib, mutasaddilariga intizomiy jazo choralari belgilandi.

Ushbu masalaga davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgani muhim ahamiyatga ega. Chunki bu masalani oxirgi besh yilda biror rahbar, birorta tashkilot jiddiy va tahliliy muhokama qilmagan. Shu bilan birga, vaziyat ochiq-oshkora tahlil qilinib, ko‘lamdor va oqilona yechimlar ishlab chiqilmagan edi.

Davlatimiz rahbarining bu yo‘nalishdagi ishlarni ham qat’iy nazoratga olayotgani, aniq taklif va tashabbuslar bilan chiqayotgani “Yangi O’zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” va “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyillar amalga izchil tatbiq qilinayotganini yana bir bor namoyon qilyapti.

Yig‘ilishda transport hodisalarining ko‘piga haydovchilarning yo‘l qoidalarini qasddan mensimasligi va tajribasizligi, piyodalarning qoidalarga amal qilmasligi ham sabab bo‘layotgani aytilar ekan, joriy yilda barcha hududlarda “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” umummilliy dasturi amalga oshirilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, yo‘l belgilarini ishlab chiqarishda “Avtoyo‘l”ning monopoliyasi bekor qilinadi va ushbu sohaga tadbirkorlar jalb qilinadi. Yig‘ilishda yo‘l harakati qoidalari eskirganini, ularni xalqaro standartlar asosida, mutaxassislar va haydovchilar fikrini o‘rgangan holda yangilash bo‘yicha topshiriq berildi. Jazo muqarrarligini ta’minlash maqsadida, bundan buyon har bir huquqbuzarlik uchun jarima ballari tizimi joriy etilishi belgilandi.

Ushbu masala bugun ko‘pchiligimizni o‘ylantirib, qiynab kelayotgan dolzarb muammolardan biriga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki yurtimizda avtotransport vositalari yildan-yilga ko‘payib, haydovchilarning malaka darajasi va o‘zaro hurmati, aksincha, pasayib bormoqda. Yo‘l-transport hodisalarining 75 foizini 35 yoshgacha bo‘lgan haydovchilar sodir etgan. Avtomaktablarda o‘qitilayotgan kitoblar g‘aliz, o‘quv dasturi eskicha.

Yig‘ilishda ushbu muammolar ochiq-oydin tahlil qilinar ekan, bunday maktablarda ta’lim sifatini nazorat qilish vazifasi Ichki ishlar vazirligiga yuklatildi. Avtomaktablar va imtihon markazlariga bo‘lgan talablarni qayta ko‘rib chiqish, haydovchilikka o‘qitish samaradorligi va o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar va amaliy chora-tadbirlar belgilandi.

Ko‘chalardagi harakatni haydovchi va piyodalar uchun qulay tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, yo‘llarda tartib-qoidalar ilm bilan hamohang bo‘lishi kerakligi aytildi. Bu borada yirik shaharlardagi markaziy ko‘chalarda tezlik cheklovlarini oqilona belgilash maqsadga muvofiqdir.

Ko‘p hollarda fuqarolarimiz yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun tayinlangan jarimalarga e’tirozlar bildiradi. Ularning balandligi, buni to‘lash uchun aholining qurbi yetmasligini aytishadi. Lekin ba’zida haydovchilarning hushyorlikni unutib, yo‘l qoidalariga amal qilmasligi yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lishiga olib kelayotgani haqida nega hech kim gapirmaydi. Agar barchamiz birdek qonunlarga, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalariga amal qilsak, ortiqcha jarima to‘lashga  hojat ham qolmaydiku. 

Qonunchilik palatasi va mutasaddi idoralarga yo‘l harakatiga oid qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, tubdan takomillashtirish vazifasi qo‘yildiki, parlament quyi palatasidagi O’zLiDeP fraksiyasi bu masalaga sidqidildan yondashadi. Zero, tilga olingan masalalarni to‘la hal qilish uchun, avvalo, huquqiy asoslar mukammal bo‘lmog‘i lozim.

Bir so‘z bilan aytganda, har bitta yo‘l-transport hodisasi ortida bir emas, o‘nlab insonlar taqdiri yotadi. Bu esa yo‘l-transport qoidalari buzilishining oldini olish, sodir etilayotgan hodisalarning oqibatlariga, ularning yuzaga kelmasligi uchun e’tiborni kuchaytirishni taqozo etadi. Buni faqat haydovchilar va yo‘lovchilarning qonunga itoatkorlik va o‘zaro hurmat madaniyatini oshirish, fuqarolarning yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishlariga erishish orqaligina hal etish mumkin. Zotan, yo‘l-transport hodisalari oldi olinishi haydovchi va piyodalarning harakatlanish xavfsizligi qoidalariga rioya etishi bilan bog‘liq.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    521
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+